“Axsikent arxeologiya parki” qadimiy Farg‘ona poytaxti sanalgan Axsikent tarixidan "so‘zlaydi"

Viloyat axborot-kutubxona markazida tarix fanlari doktori, professor Abdulhamid Anorboyev muallifligidagi “Axsikent arxeologiya parki” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Unda Turizm qo‘mitasi mutaxassisi Temur Mirzayev, Oliy Majlis Senati a’zosi Farmon Toshev, Samarqand arxeologiya instituti direktori Mo‘minxon Saidov, tarixchi olim Amriddin Berdimurodov, "Axsikent" tarixiy majmuasi rahbari Anvar Ikromov, shuningdek, Samarqand davlat universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdi.

Qadimshunos olimlar tomonidan “Farg‘ona Afrosiyobi” deya ta’rif berilgan Axsikent yodgorligi Farg‘ona vodiysidagi eng yirik arxeologik yodgorlik hisoblanadi. Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi ko‘hna Axsikent shahri xarobalari uzoq vaqtlardan buyon tarixshunos olimlarni qiziqtirib keladi. Ikki yarim ming yillik tarixga ega Axsikent dunyo ilm-fani taraqqiyotiga munosib ulush qo‘shgan allomalar, xususan, temuriylar sulolasining zabardast vakili Zahiriddin Muhammad Bobur voyaga yetgan kent sifatida mashhur. 1620 yildagi kuchli yer silkinishi gullab-yashnagan Axsikentni tamoman vayronaga aylantirgan bo‘lsa-da, uning nomi asrlar qa’riga singib ketmadi. Axsikentni arxeologik jihatdan o‘rganish ishlari XIX asr oxiri va XX asr boshlaridan boshlangan. Akademik Yahyo G‘ulomov va arxeolog Inqilob Ahrorov mazkur tadqiqotlar asosida bu yerda turli davrlarga oid ikkita shahar bo‘lganligini, ulardan biri qadimgi Axsikat va ikkinchisi Zahiriddin Muhammad Bobur kamolga yetgan Axsikent ekanligini isbotlaganlar. Bu yerda qazishma ishlarini olib borayotgan tarix fanlari doktori, professor Abdulhamid Anorboyevning amaliy mehnatlari evaziga yodgorlik hududida sakkizta yangi ob’yekt ochildi. Ushbu ob’yektlar ochiq osmon ostidagi sakkizta muzeyga asos bo‘ladi.

- Buyuk ipak yo‘li yoqasidagi qadimiy Axsikent haqidagi  nodir ma’lumotlarni o‘zida jamlovchi kitob chop etish tashabbusi davlatimiz rahbarining Axsikentga tashrifi chog‘ida berilgandi, - deydi Turizm qo‘mitasi mutaxassisi T.Mirzayev. - O‘tgan davr mobaynida uning ustida katta jamoa puxta ish olib bordi va uchta - o‘zbek, ingliz va rus tilidagi ushbu nashr dunyo yuzini ko‘rdi. Kitob taqdimoti Samarqandda 16-20 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan BMT Jahon turistik tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-yubiley sessiyasi arafasida tashkil etilayotgani bejiz emas. Xalqaro tadbirlar doirasida xorijlik sayyohlarga yurtimizdagi yana bir sayyohlik markazi – Axsikent turizm manzilini taqdim etishni maqsad qilganmiz. Bu tarixiy va ziyorat turizmini yanada rivojlantirishda, Farg‘ona vodiysida sayyohlar oqimini ko‘paytirishda muhim ahamiyatga ega.

Ushbu qadimiy shahar o‘rnida Markaziy Osiyodagi eng katta muzey tashkil etilyapti. Axsikentni ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirib, xalqaro sayyohlik yo‘nalishlariga kiritish ko‘zda tutilgan. Shaharning qadimiy dovrug‘ini tiklash maqsadida ramziy darvoza quriladi. Umarshayx Mirzo va Zahiriddin Boburning haykali bunyod etiladi. Sayyohlar uchun Sirdaryo bo‘ylab qayiqlarda sayr qilish, tuyada ko‘hna shaharni tomosha qilish imkoniyati yaratiladi. Turizm shaharchasi konsepsiyasidan ikkita mehmonxona, karvonsaroy, restoran va ovqatlanish tarmog‘i, milliy hunarmandchilik rastalarini o‘z ichiga olgan markaz, Axsikent arxeologiya merosi ob’yektini muhofaza qilish va tadqiq etish direksiyasi ma’muriy binosi, zarur infratuzilma, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari quriladi.

- Axsikent arxeologiya parki yaratish bo‘yicha o‘rganishlar natijasida u nafaqat tarixiy obida, balki o‘zida 15 xil turizm mahsulotini taklif etadigan markaz bo‘lish imkoniyatiga ega, degan xulosaga kelindi, - deydi  Axsikent arxeologiya merosi ob’yektini muhofaza qilish va tadqiq etish direksiyasi rahbari Anvar Ikromov. - Tarixni sevadiganlar uchun arxeologik topilmalar, ochiq osmon ostidagi muzeylar majmuasi, Sirdaryo baliqlari restoranlar tarmog‘i, vodiy noyob qo‘lyozmalar kutubxonasi, ziyorat turizmi ob’yektlari, Chust pichog‘i, qilichlari ustaxonalari, Qo‘qon ipak qog‘ozi markazi, Axsi kulolchilik ustaxonalari, Etno-moda markazi, kamonchilik, chavandozlik va boshqa milliy o‘yinlarni o‘z ichiga oluvchi etno-sport markazlarini tashkil etish shular jumlasidan.

Axsikent majmuasi bosh rejasiga ko‘ra, uning tadqiqot olib borilgan ob’yektlaridan ochiq osmon ostidagi muzeylar qurish, hududda barpo etiladigan turistik majmua loyihasi uchun 30 million dollar mablag‘ ajratiladi.

Tarixiy kitob taqdimotida, shuningdek, senator F.Toshev, Samarqand arxeologiya instituti direktori M.Saidov, institut yetakchi ilmiy xodimi Amriddin Berdimurodovlar ushbu kitob-albomning mamlakatimiz tarixini o‘rganish hamda bugungi kunda sayyohlarni yurtimizga tashrifini oshirishdagi o‘rni va ahamiyati haqida gapirdi.

S.Mardiyev,

B.Mustanov (surat, videolavha).