Jurnalistlar uyushmasi samarqandlik yosh kitobxonlarga kitob sovg‘a qildi

Samarqand shahrida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi hamda hamkor tashkilotlar ishtirokida “Kitobsevar millat” shiori ostida “Kitobxon bolalar” va “Dunyo daholari” ruknida chop etilgan kitoblar taqdimoti o‘tkazildi.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi, Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda jurnalistlar, shoir va yozuvchilar, viloyatdagi axborot-kutubxona markazlari mutaxassislari, hamkor tashkilotlar vakillari hamda bir guruh yosh kitobxonlar ishtirok etdi.

Tadbirda ayni bugungi kunda mamlakatimizda kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratiliyotgani, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning to‘rtinchisi sifatida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish belgilangani ham bejiz emas ta’kidlandi. Ona Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usi bilan yashaydigan barkamol avlodni tarbiyalashda kitobning o‘rni beqiyos ekanligi tilga olindi.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov bolajonlarning sevimli kitobiga aylanadigan mazkur nashr to‘g‘risida gapirdi.

- Bu ezgu tashabbusni ro‘yobga chiqarishda Jurnalistlar uyushmasi Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi moddiy imkoniyat yaratdi, - dedi X.Salimov. - Ya’ni, fond tomonidan e’lon qilingan grant tanlovida “Aholi, ayniqsa, yosh avlodning ma’naviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, barkamol shaxsni tarbiyalashda kitobxonlik madaniyatini oshirish” loyihasi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgach, bu yo‘nalishdagi ishlarimiz jadallashdi.

Jumladan, mazkur loyiha doirasida bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan o‘n nomdagi o‘zbek va jahon adabiyotining eng yaxshi namunalarini nashrga tayyorlash, chop etish, audio shakllarini yaratish hamda ularni davlat buyurtmachisi bilan kelishgan holda axborot-kutubxona muassasalariga beg‘araz taqdim etish belgilangani ham qayd etildi.

Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari T.Tugalov, viloyat televideniyesi direktori M.Ixtiyorov, “Zarafshon” va "Samarkandskiy vestnik" gazetalari tahririyati bosh muharriri o‘rinbosari G‘.Hasanov, viloyat axborot-kutubxona markazi direktori Z.Shodiyeva tomonidan nashr etilgan kitoblardan o‘rin olgan she’rlar, hikoyalar va ertaklar mazmuniga mos ajoyib rasmlar bilan boyitilgani, bolalar e’tiborini o‘ziga jalb qiladigan ajoyib dizayn va yorqin qiyofa, bu kitob nafaqat ma’naviy boylik, balki haqiqiy xazina ekani e’tirof etildi. Kelgusida allomalarimiz to‘g‘risida va hududlardagi ijodkorlarning ham kitoblari ixcham va bejirim holda chop etish takliflari bildirildi.

Tadbir yakunida 720 dona kitob viloyatdagi kutubxonalar va ixtisoslashtirilgan maktab kutubxonalariga taqdim etildi.

Shuningdek, viloyat hokimligi tashabbusi bilan chop etilgan “Samarqand yer yuzining sayqali” nomli albom ham kutubxonalarga topshirildi.

Husan ELTOYeV.