Urgutda ichimlik suv va oqova xizmatidagi muammolar: Ular qachon, qanday hal etiladi?
Ushbu savolga qisman bo‘lsa-da javob topish maqsadida “Samarqand suv ta’minoti” MChJ jurnalist va blogerlar uchun tumanning ayrim hududlarida press-tur o‘tkazdi.
Ishtirokchilar dastlab Urgut tumani hududida qurilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massividagi uy-joylarning ichimlik suv ta’minoti va oqova xizmati bo‘yicha amalga oshirilayotgan yangi loyihalar bilan tanishdi.
Dastlab jurnalist va blogerlar tumanning Bahrin mahallasida 50 millard so‘m sarflab bunyod etilayotgan oqova suv tozalash inshootida bo‘lishdi. “Ishonch injiniring” MChJ quruvchilari tomonidan barpo etilayotgan inshootning qurilishi 2023 yilda boshlangan bo‘lib, hozirda beton quyish ishlari yakuniga yetkazilmoqda.
- Hududi 3,4 gektar maydon bo‘lgan inshootimiz bir vaqtning o‘zida 10 ming kub oqova suvni qabul qilib, qayta ishlashga mo‘ljallangan, - deydi korxona ish boshqaruvchisi Abduhalim Ochilov. – Zamonaviy qurilmalar o‘rnatilgan inshoot oqova suvni 4 bosqichda tozalab beradi. Ishlanmalar qishloq xo‘jaligi dalalariga o‘g‘itlash va sug‘orish uchun jo‘natiladi. Shuningdek, biobakteriyalarni o‘stirish uchun yangi laboratoriya binosi ham qurildi.
Mazkur inshoot ishga tushirilsa, “Yangi O‘zbekiston” massividan tashqari, "Urgut" erkin iqtisodiy zonadagi korxonalar, tuman markazi aholisiga ham xizmat ko‘rsatadi.
Shuningdek, press-tur ishtirokchilari Mergancha mahallasidagi ko‘p qavatli uylarning ichimlik suv bilan ta’minlovchi yangi suv inshootiishlash jarayoni bilan ham tanishdilar. “Shohro‘z Demirbek” MChJ tomonidan qurilgan mazkur inshoot soatiga 3 ming/kub suvni olib, maktab, bog‘cha va aholi xonadonlariga yetkazib beradi.
Inshootda Germaniyada ishlab chiqarilgan 2 ta 25 kVT, 2 ta 76 kVT quvvatdagi kuchli uskunalar o‘rnatilgan. Ular yordamida har biri 250 metrdan iborat bo‘lgan 5 ta quduqdan suv tortib olinadi.
- Ko‘p xonadonlarning egalari hali ko‘chib kelmaganligi sababli barchasini markaziy tarmoqqa ulaganimiz yo‘q, - deydi “Shohro‘z Demirbek” MChJ ish boshqaruvchisi Jamshid Bobonov. – Joriy yilda yana 9 ta ko‘p qavatli uy qurilishi yakunlanib, o‘z egalariga topshirilgach, markazlashgan tarmoq yanada kengayib, uskunalarimiz to‘liq ishga tushiriladi. Hozircha birorta muammo chiqqani yo‘q.
Yangi massivda 2 mingga yaqin xonadon joylashgan bo‘lib, ularning barchasi ichimlik suv va oqova xizmatiga ulangan.
- Tumandagi mavjud 534 ming aholining 400 mingi markazlashgan toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan, - deydi “Samarqand suv ta’minoti” MChJ tuman filiali boshlig‘i Oybek To‘xtayev. - Qolganlari quduq, buloq, soy va tashib keltirilgan suvdan iste’mol qilib keladi. Oqova suv xizmatidan 11,1 foiz, ya’ni 15 mingdan ortiq aholi xonadonida foydalaniladi. Ichimlik suvi tarmog‘ining 84 kilometri, 88 ta suv inshootlari, 90 ta suv quduqlari ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan. 102 ta mahallaning 22 tasi markazlashgan, 77 tasi qisman ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Chekka va tog‘ hududlarda joylashgan 10 ta mahalla ahli muqobil ichimlik suv manbalaridan foydalanadi.
Agar yil yakunigacha mazkur yangi inshootlar ishga tushsa, tuman bo‘yicha o‘n minglab aholi ilk bora toza ichimlik suv va oqova suv xizmati bilan ta’minlanadi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.