Baraka ham, ishonch ham, imkoniyat ham halollik bor joyda bo‘ladi
Xalqimiz orasida bir gap bor: “Halol mehnat qilganning barakasini Alloh o‘zi beradi”. Bolaligimizdan yaxshi biladigan bu ibora shunchaki taskin yoki tasodifan paydo bo‘lgan naql emas, balki avlodlar tajribasida pishgan, hayotning o‘zi bilan isbotlangan haqiqatdir.
Har bir oilada, har bir mahallada, har bir kasb-hunar sohibining tilida aylanib yuradigan bu g‘oya nega xalqimiz uchun bu qadar qimmatli? Chunki halollik – hayotning eng muhim qoidasi, insonning e’tiqodi va viqori, jamiyatning yuragi va davlatning suyanchig‘i.
Odam halol bo‘lsa, uning har gapiga, har qadamiga bamaylixotir ishonish mumkin bo‘ladi, chunki poklik insonning yuzidan ham, yurish-turishidan ham bilinib turadi. Amaldor halol bo‘lsa, jamoaning ko‘ngli tinch bo‘ladi. Savdo halol bo‘lsa, bozordagi narx-navo arzonlashadi. Aksincha, halollik so‘ngan joyda adolat susayadi, ishonch kamayadi, baraka chekinadi.
Tarix guvohki, zulm kuchaygan, noqonuniy ishlar odatga aylangan joyda taraqqiyot uzoqqa bormagan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Temur tuzuklarida: “Zulmning kichigi ham davlatni yemirgaydir”, deb yozilgan.
Halollik faqat dinning bir qismi emas, hayotning talabi. Qur’oni karimdagi “Pok va halol rizqlardan iste’mol qilingiz” amri insonning faqat taomiy ehtiyojiga tegishli emas. Bu insonning har qadamida niyati pok, luqmasi halol, qarori adolatli, mehnati barakali bo‘lsin, degan umuminsoniy chaqiriqdir. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam ham halol va haromni aniq ajratib, shubhali ishlardan uzoq yurishni buyurganlar.
Bugungi hayotda inson oldiga ochiq va pok yo‘llar ham, manfaatli ko‘rinsa-da qalbni shubhaga soladigan yo‘llar ham chiqadi. Ayniqsa, “tez pul topish”, “oson foyda” degan takliflar, hisob-kitobda ko‘z yumib o‘tish, “hech kim bilmaydi” degan va’dalar – bularning hammasi odamni halol yo‘ldan adashtirishi mumkin. Shunday paytda insonni asrab qoladigan fazilat uning ichki pokligi, halol qadami. Chunki qalbga og‘ir tushadigan ishning oqibati ham og‘ir bo‘ladi, pok niyat bilan qilingan ish esa kechroq bo‘lsa ham baraka keltiradi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda “halollik madaniyati” yangicha tus oldi. Davlatimiz rahbari tomonidan halollikni jamiyat ongiga singdirish, davlat xizmatini poklash, qarorlar qabul qilishda adolatni birinchi o‘ringa qo‘yish bo‘yicha qilingan sa’y-harakatlar bekorga emas. Chunki xalqning ishonchi boshqacha yo‘l bilan emas, faqat halollik bilan orttiriladi. Ishonch bor yerda esa rivojlanish ham bo‘ladi. Davlat xizmatchisi halol bo‘lsa, uning qarorida xalq manfaati bo‘ladi. Iqtisod halol raqobatga tayansa, sarmoya ham keladi, innovatsiya ham rivojlanadi. Yoshlar halollikni qadrlab ulg‘aysa, yurtning kelajagi mustahkam bo‘ladi. Demak, halollik shunchaki shior emas, balki davlatning va jamiyatning ertangi kunini belgilab beradigan strategik yo‘nalishdir.
Islom ta’limotida halollik o‘ta muhim o‘rin tutadi. Din faqat ibodatdan iborat emas. Tozalik, pok niyat, halol muomala, odamlarni aldamaslik, va’daga vafo – bularning barchasi ibodatning davomi sanaladi. Savdogar halol bo‘lsa – bozorda baraka bo‘ladi, tabib halol bo‘lsa – xalq salomat bo‘ladi, muallim halol bo‘lsa – avlodning kelajagi pok va porloq bo‘ladi, amaldor halol bo‘lsa – el-ulusda adolat hukmron bo‘ladi. Ko‘rib turibmizki, halollik jamiyatning barcha tuzilmalarini bog‘lab turadigan ustundir.
Iqtisodiy sohada ham halollik rivojlanishning hal qiluvchi mezoni. Davlat xaridlarida ochiqlik, mablag‘lar sarfida shaffoflik, to‘g‘ri hisob-kitob, halol raqobat, soliqda adolat, korrupsiyaga murosasizlik – bularsiz iqtisod yurmaydi, sarmoya kirmaydi, innovatsiya rivojlanmaydi. Baraka ham, ishonch ham, imkoniyat ham halollik bor joyda bo‘ladi. Shuning uchun halol iqtisodiyot – xalq farovonligining ham asosi.
Halollikning qiymati bugun ham, erta ham birdek muhim. U insonning o‘zini asraydi, jamiyatning birdamligini ta’minlaydi, davlatning poydevorini mustahkamlaydi. Kelajagini o‘ylagan yurt birinchi navbatda halollikni qadrlaydi. Chunki barcha buyuk ishlar pok niyatdan, halol yo‘ldan boshlanadi. Xalqimiz bejiz “Halolning yo‘li uzoq, kelajagi nurli” demaydi.
Halollikni o‘zimizdan oldin hech kim talab qilmaydi, uni birinchi navbatda qalbimiz amr etishi kerak. Qadamini to‘g‘ri qo‘ygan kishi na vaqtdan, na imtihonlardan, na sinovlardan qo‘rqadi. Shu bois har dam ko‘ngilga og‘ir kelmaydigan, ertaga yuzimiz qizarmaydigan yo‘lni tanlashimiz kerak. Har bir ishimizda samimiyatni ustuvor qo‘yish, hech kim ko‘rmasa ham adolatdan chetga chiqmaslik, “mayli, O‘zi kechirsin” deyish odatini hayotimizdan chiqarish zarur.
Bugungi yuksalish, yangilanishlar davrida bizga yengil yo‘l emas, to‘g‘ri yo‘l kerak. Shuning uchun ham har kim o‘z o‘rnida mas’uliyatni oshirishi, o‘z hisobi, o‘z so‘zi, o‘z harakatiga e’tiborli bo‘lishi shart. Birovning emas, vijdonning nazorati birinchi o‘ringa chiqishi kerak.
Xulosa ham shunday, halollikni o‘zimizdan boshlasak, o‘zimiz uchun ishonch va farovonlikni barpo qilgan, yurtimizning nurli kelajagini kafolatlagan bo‘lamiz.
Sherzod Mamatov,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.