Sheroz qal’a ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantiriladi
Bulung‘ur tumanida 19 ta arxeologik, 6 ta arxitektura madaniy meros ob’yekti ro‘yxatga olingan bo‘lib, sayyohlar diqqatini tortadigan joylar turizm maskaniga aylantirilyapti. Jumladan, tumandagi Xo‘ja Hofiz Merosiy ziyoratgohi hamda Sheroz qal’a yodgorligida amaliy ishlar boshlangan.
Erganakli “turizm mahallasi” bo‘ladi
Tumanning Erganakli mahallasida joylashgan Xo‘ja Hofiz Merosiy maqbarasi Qur’oni Karimni yetti qiroatda o‘qigan alloma nomi bilan bog‘liq. O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan tarixiy manbalariga ko‘ra, Xo‘ja Hofiz Merosiy 1475 yilda Bulung‘ur tumani hududidagi Bolg‘ali qishlog‘ida tavallud topgan. Madrasalarda tahsil olgan va Ubaydullaxon xizmatiga kirib, bosh muftiy darajasiga ko‘tarilgan. Alloma 1528 yilda Eronning Mashhad shahrida vafot etadi. Vasiyatiga ko‘ra, o‘limidan 6 oydan keyin Sulton Ubaydullaxon farmoniga bilan jasadi Bulung‘ur tumaniga olib kelib, ko‘milgan.
- Xo‘ja Hofiz Merosiy shoir, xattot, diniy davlat arbobi bo‘lib, Qur’oni karimni yetti xil qiroatda o‘qiy olgan dunyodagi yetti allomalardan biri, - deydi Xo‘ja Hofiz Merosiy ziyoratgohi va Sheroz qal’a yodgorligi rahbari Narzulla Qoraboyev. – Alloma qoldirgan meros va qo‘lyozmalar O‘zbekiston FA Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda. Institut olimlari bilan hamkorlikda Xo‘ja Hofiz Merosiy vasiyatnomasining aslini Pokistondan olib kelganmiz. Ammo uning qalamiga mansub devonlar, she’riy asarlar hali to‘liq o‘rganilmagan va tarjimaga muhtoj.
Sulton Ubaydullaxon tomonidan allomaning hoki qishloqqa olib kelingach, bu yer muqaddas joyga aylandi. 2001 yilda xalq hashari bilan maqbara va masjid qurildi. 2010 yil 20 avgustda Xo‘ja Hofiz Merosiy nomi bilan bog‘liq tarixiy joy madaniy meros ob’yektlarining “Diqqatga sazovor joylar” toifasiga kiritildi.
Tuman hokimining o‘rinbosari Aziz Bo‘riboyevning aytishicha, Erganakli mahallasini “Turizm mahallasi”ga aylantirish uchun dastur ishlab chiqilgan va Xo‘ja Hofiz Merosiy ziyoratgohi hududida bosqichma-bosqich ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
- Bugungi kunga qadar ziyoratgohga olib boruvchi 5,5 kilometr yo‘l to‘liq asfaltlanib, 6,5 kilometr ichimlik suvi va 5,5 kilometr elektr tarmoqlari tortildi, - deydi A.Bo‘riboyev. – Shuningdek, hududda yana 10 ta oilaviy mehmon uyi, 2 ta o‘tov lager majmuasi, 5 ta savdo-xizmat ob’yektini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Amir Temurning mudofaa qal’asi qayta tiklanadi
Xo‘ja Hofiz Merosiy qadamjosidan qir-adirliklardan iborat Bolg‘ali qishlog‘idagi Sheroz qal’aga o‘tiladi.
Amir Temur harbiy yurishlari davomida Eronni qamal qilganda Sheroz qal’asini olishda qiynaladi. Shu sabab 1396-1402 yillarda Samarqandga kirishda mustahkam qal’a bunyod etadi va uni Sheroz deb nomlaydi.
Qal’ani 20 metr chuqurlikdagi Bulung‘ur arig‘i o‘rab turadi. Ariqning eni 18-20 metr bo‘lib, tik holatda hech bir dushmanning qal’aga o‘tishiga imkoniyat bermaydi. Qal’a atrofida 9 ta buloq bo‘lib, 3 tasi saqlab qolingan. Bulung‘ur arig‘idan ikki tomonga o‘tish uchun juda mustahkam ko‘prik qurilgan. Ko‘prikning eni taxminan 12 metr bo‘lib, bu yerdan “Buyuk ipak yo‘li” o‘tgan.
Sheroz qal’asining umumiy maydoni 6-7 gektardan iborat bo‘lib, tuman hokimining qarori bilan uni asrab-avaylash choralari ko‘rilmoqda, - deydi N.Qoraboyev. – Qal’ani o‘rab turuvchi Bulung‘ur arig‘i mo‘g‘olcha “Bulung‘ur” - “loyqa suv” degan ma’noni anglatib, umumiy uzunligi 90 kilometrni tashkil etadi. Sheroz qal’a juda mukammal qurilgan bo‘lib, bu yerda Amir Temurning qarorgohi, harbiy askarlar uchun oshxona va ko‘plab xonalar bo‘lgan. Agar qal’a qamalda qoladigan bo‘lsa, Bulung‘ur arig‘idan suv olish uchun yashirin yo‘ldan foydalanilgan. Sheroz qal’asi tarixini to‘liq o‘rganish, qazish ishlarini olib borish, topilgan noyob topilmalarni restavratsiya qilish, yengil konstruksiyalar bilan yopish, muhofaza qilish, bu joyda qurilish infratuzilmasini yaratish maqsadida 23 milliard 500 million so‘mlik loyiha-smeta hujjatlari tayyorlangan.
2015-2019 yillarda Samarqand arxeologiya instituti olimlari tomonidan olib borilgan qazishma ishlari davomida temuriylarga oid ko‘plab ashyolar, oltin, mis tangalar topildi. Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 sentyabrdagi qaroriga ko‘ra, qal’ada qazish ishlarini olib borish, restavratsiya qilish, topilgan noyob topilmalarni saqlash uchun mablag‘ viloyat mahalliy byudjeti va Madaniyat vazirligi huzuridagi madaniyat va san’at jamg‘armasi tomonidan ajratilishi kerak. Qaror bilan jamg‘arma tomonidan o‘tgan yil 12 milliard so‘mlik loyiha-smeta taklifi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga berildi.
Shu kungacha Sheroz qal’asiga olib boriladigan 13 kilometr yo‘lga asfalt yotqizildi, 2,5 kilometr ichimlik suvi, 3,5 kilometr elektr energiyasi tarmoqlari tortilib, 29 dona yoritish chiroqlari o‘rnatildi. Arxeologik qazishma vaqtida temuriylar davriga xos noyob yodgorliklar topilgan yerning tom qismi yopildi. Qal’a hududida bitta avtoturargoh, 1,5 kilometr salomatlik yo‘lakchalari hamda Bulung‘ur arig‘i ustiga ko‘prik qurildi.
Madaniy meros ob’yektlarini asrash va turizm hududlarini loyihalashtirish institutining tarixiy obidalar bo‘yicha bosh arxitektori Mamatqul Xoliqulovning ma’lum qilishicha, Sheroz qal’a madaniy yodgorligini tumanning eng diqqatga sazovor joylari toifasiga kiritish, maskanni ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirib, hududda Amir Temur ko‘prigi, muzeyi va arkini qurish hamda sayyohlar uchun barcha sharoitlarni yaratish bo‘yicha loyiha tayyorlangan. Shuningdek, Bulung‘ur mahallasi Amir Temur ko‘chasida joylashgan XIX-XX asrlarga oid, ilgari xristian cherkovi, keyinchalik “Barkamol avlod” bolalar markazi sifatida foydalanilgan binoni me’moriy yodgorliklarni ta’mirlash bo‘yicha davlat dasturiga kiritish rejalashtirilgan.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.