Kattaqo‘rg‘onda qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy qazib olgan shaxs qariyb 10 mln. so‘mga jarimaga tortildi

Shu kunlarda Kattaqo‘rg‘on tuman ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi inspeksiyasi davlat inspektorlari tuman hududida kuchaytirilgan kuzatuv reyd tadbirlarini o‘tkazmoqda.

Kecha, 21 noyabr kungi reyd davomida tumanning Jonkil mahallasida yashovchi fuqaro B.D o‘z boshqaruvida bo‘lgan texnika vositasi ko‘magida ushbu mahalla hududidan oqib o‘tuvchi Qoradaryo daryosi o‘zanidan qum-shag‘al aralashmasini qazib olib, yuk tashuvchi texnika vositalariga yuklab berayotganligi aniqlandi.

Huquqbuzar fuqaroga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning tegishli moddasiga binoan bayonnoma rasmiylashtirilib, bazaviy hisoblash miqdorining 30 barobari miqdorida jarima qo‘llanildi.

Shu kabi holat Past Darg‘om tumanida ham kuzatildi. Viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasining ekologik nazorat inspeksiyasi xodimlari va prokuratura, IIB, YPX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan kuzatuv reyd tadbirida Darg‘om kanali o‘zanidan Samarqand shahrida yashovchi fuqaro N.D. o‘z boshqaruvidagi davlat raqami o‘rnatilmagan yuklovchi texnikasi yordamida noqonuniy ravishda qora qum aralashmasini qazib olayotganligi aniqlandi.

Ushbu huquqbuzarga nisbatan ham MJtKning 70-moddasi 1-qismiga movofiq bayonnoma rasmiylashtirilib, BHMning 10 barobari miqdorida jarima qo‘llanildi.