Oqdaryocha “forsaj” - daryodan shag‘al qazib olayotgan shaxs ekskavatorda qochib qutulmoqchi bo‘ldi
Oqdaryo tumanida tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish nazorat bo‘limi, viloyat IIB patrul-post xizmati hamda Milliy gvardiya xodimlari hamkorlikda kuchaytirilgan reyd tadbirlarini o‘tkazgan.
Reyd davomida tumanning "Pichoqchi" mahallasi hududidan o‘tuvchi Oqdaryo daryosining muhofaza zonasida o‘ziga tegishli bo‘lgan ekskavator yordamida qum-shag‘al aralashmasini yuk mashinalariga ortib berayotgan shaxs aniqlangan.
Biroq huquqbuzar mas’ul xodimlarning talablariga bo‘ysunmay voqea joyidan qochishga uringan - daryo ichidagi sayoz suv ustidan ekskavator tezligini oshirib qochib ketishga harakat qilgan. IIB post patrul xizmati hamda Milliy gvardiya xodimlari ishtirokida to‘xtatilib, tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, ekskavator ashyoviy dalil tariqasida vaqtincha saqlash jarima maydonchasiga qo‘yilgan.
Huquqbuzarga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 70-moddasi 1-qismiga binoan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, bazaviy hisoblashning 20 barobarida, ya’ni 5 million 400 ming so‘m jarima qo‘llanilgan.
Viloyat ekologiya boshqarmasi vakiliga ko‘ra, noqonuniy shag‘al qazuvchilarning nazorat organlariga bo‘ysunmay qochib qolish holati birinchi marta uchrayotgan emas.