Zarafshon daryosi va boshqa suv havzalaridan foydalanishda qonun talablariga rioya etilmayapti

Viloyat matbuot uyida O‘zbekiston Ekologik partiyasi va partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi hamda xalq deputatlari viloyat Kengashidagi deputatlik guruhi tashabbusi bilan navbatdagi jamoatchilik eshituvi tashkil etildi.

Partiya yetakchilari va deputatlar aholining suv va oqova ta’minoti, suv inshootlaridan samarali foydalanish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan murojaatlariga jamoatchilik vakillari ishtirokida soha mas’ullaridan javoblar eshitdi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi markaziy kengashi raisi Abdushukur Hamzayev bugun dunyo miqyosida suvdan oqilona foydalanish global masalaga aylanib borayotgani, iste’molchilar o‘z burch va majburiyatlarini bajarishi har qachongidan ham dolzarbligini ta’kidladi.

 – Davlatimiz rahbarining Murojaatnomasida ham ekologiya, ayniqsa, suv masalalari global muammoga aylanib borayotgani qayd etilib, bu boradagi vazifalar alohida yo‘nalish sifatida belgilandi, – dedi A.Hamzayev. – Chunki, bugun dunyo miqyosida chuchuk suv zaxiralari kamayib, ko‘p mintaqalarda qurg‘oqchilik kuzatilmoqda, aholining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi pasayib bormoqda. Shuning uchun Konstitutsiyamizda suv havzalari va yer osti zaxiralarini muhofaza qilish bo‘yicha talablarni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Ana shunday sharoitda suv xo‘jaligi va ta’minotiga mas’ullar, qolaversa, iste’molchilar bu bebaho ne’matdan samarali foydalanish, uning isrof bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligi har qachongidan ham dolzarb hisoblanadi. Afsuski, partiyamiz va deputatlarimizga bo‘layotgan murojaatlar, joylardagi kuzatuvlarimiz ayni paytdagi suvga munosabatimiz bu talablarga javob bermasligini ko‘rsatmoqda. Jumladan, Zarafshon daryosi va boshqa suv havzalaridan foydalanishda amaldagi qonun talablariga rioya etilmasligi, suv va oqova tarmoqlarida tez-tez avariyalar yuzaga kelayotgani, tumanlarda oqova tizimi va tozalash inshootlarining yaxshi ishlamasligi aholining e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Jamoatchilik eshituvida shu va boshqa holatlar yuzasidan viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, “Samarqand suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbarlarining axborotlari eshitildi.

Deputatlar, mahallalar faollari va jamoatchilik vakillari suv va oqova ta’minoti, suv xo‘jaligi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan mas’ullarga murojaat qilib, muammolarga yechim so‘radi. Shuningdek, taklif va tavsiyalar berildi.