«Zar oquvchi daryo» haqida nimalarni bilamiz?
Zarafshon vodiysi o‘zining jo‘g‘rofiy joylashuvi hamda qulay tabiiy sharoitlariga ko‘ra eng so‘lim va qadimdan madaniy hayot taraqqiy etgan hududlardan biri hisoblanadi.
Hududdan Zarafshon daryosining oqib o‘tishi esa vohaning yanada xushmanzara va obod bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etdi. Mazkur daryo o‘zining juda qadimiy va qiziqarli tarixiga ega.
Uning uzunligi 800 kilometrga yaqin bo‘lib, Pomir-Oloy tog‘ tizmasidagi Zarafshon muzliklaridan boshlanadi. Nomi esa o‘tmishda xilma-xil atalgan. Daryoning boshlang‘ich qismi tor va chuqur daralar orqali oqib o‘tib, «Ko‘histon», ya’ni «Tog‘lar vatani» deb nom olgan baland tepaliklar yon bag‘ridagi katta irmoqlar — Fandaryo, Qo‘shtutdaryo va Marjondaryolar suvini o‘ziga qo‘shib oladi. Daryoning sathi yil davomida keskin o‘zgarib turadi, yoz oylarida ko‘payib, kuz va qish fasllarida kamayadi.
Qadimiy yunon manbalarida Zarafshon «Politment» deb atalgan. Bu so‘z yuksak, qadrli, martabali degan ma’noni anglatadi. Yana biri sug‘diycha nomi «Namik», ya’ni «ahamiyatli, hurmatli» degan ma’noni izohlagan bo‘lsa, qadim Xitoy manbalarida «Na-mi» deya atalgani ma’lumdir. Shuningdek, u ayrim manbalarda Sug‘d daryosi deya qayd etilgan.
Rossiyalik taniqli olim V.Livshits ta’biricha, u aksariyat manbalarda sug‘dcha «Namich» — shavkatli, ahamiyatli tushunchasi bilan izohlanadi.
Uning hozirgi nomi «Zar», ya’ni oltin, «afshon» — oquvchi, tarqatuvchi degan ma’noni anglatadi. Daryoning bunday atalishi oltin bilan bog‘liq bo‘lmay, u oqib o‘tayotgan hudud uchun suv oltinga teng hayot manbai, degan yondashuvdan olingani haqiqatga yaqin.
Markaziy Osiyo tarixini o‘rgangan yirik olim S.Tolstovning fikricha, bu daryoning nomi hind va eron xalqlariga mansub bo‘lgan, hozirda osetinlarning ajdodlari bo‘lmish «alay» deb atalgan skif xalqining nomi bilan ham bog‘liq. Osetin tilida hozirga qadar «afshin», «afshon», ya’ni «tarqatuvchi» degan so‘z saqlanib qolgan.
Tarixdan ma’lumki, VIII asrda afshinlarning shohi Divoshtich Zarafshonning yuqori qismida hukmronlik qilgan bo‘lib, u boshchiligidagi sug‘dlarning arablarga qarshi jang maydonlari bu voha yerlariga to‘g‘ri keladi. Shu bois Zarafshon nomi uzoq o‘tmishda ko‘chmanchi va o‘troq xalqlar hayotiga bevosita bog‘liq bo‘lgan.
Qadimda odamlar Zarafshon daryosiga e’tiqod qilib, unga sig‘inishgan, bu daryoni o‘zlari uchun muqaddas bilishgan.
Sug‘d davlatining poytaxti bo‘lgan qadimgi Panjakentda olib borilgan arxeologik qazishma ishlari paytida har xil jilvador rasmlar ichida «Daryo xudosi», ya’ni to‘rt qo‘lli ayol rasmi topilganligi manbalarda keltirilgan. Qizig‘i shundaki, Hindistondagi Ganga daryosining ham xudosi xuddi shunday tasvirlangan ekan. Chunki Ganga — hind xalqining tirikligi, hayot-mamoti va jontomiri hisoblangani bois, qadim-qadimdan hindlar bu daryoda inson uchun ilohiy kuch bor, deb hisoblaydi.
Zarafshon daryosining go‘zalligi qadim ajamliklarni doimo taajjubga solib kelgan ekan. Uning atrofidagi go‘zal vodiy VIII asrda bu yerlarga bostirib kelgan arablarni ham lol qoldirgan. Ular vodiyni «Ollohning bog‘i», «jannatli joy» deb, uni Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning ko‘m-ko‘k to‘niga o‘xshatganlar. Tarixchi Muhammad Narshaxiyning yozishicha, qadimgi davrlarda bu daryo Rudi va Mosaf nomi bilan ham yuritilgan.
Zarafshonning yuqori qismi Mascho, Samarqanddan quyi qismi — Daryo, Buxoroda — Rudi-Zar, Zar, Shoxrud, Shahrirud va quyi qismi Qorako‘ldaryo deb nomlangan. «Shoxrud» atamasini «Shoxariq» yoki «Bosh ariq» qabilida ham talqin qilish mumkin.
Zarafshon qadimda o‘zining sersuvligi, o‘zanini tez-tez o‘zgartirib turishi bilan aholini vahimaga solib kelgan. Shu tufayli odamlarda bu qaysar daryoni bo‘ysundirishga kuch-quvvat va imkoniyat yetmagan. Bundan tashqari, daryo bo‘yidagi qalin to‘qayzorlar va jangalzorlar ham o‘ta xavfli bo‘lib, yo‘lbarslar, qoplon va bo‘rilar keng tarqalgan hudud edi. Asrlar osha odamlar Zarafshon daryosi atrofida dehqonchilik qilishgan, bog‘-rog‘lar, ekinzorlar barpo etib, yashay boshlaganlar. Hozirgi vaqtda Zarafshon daryosidan o‘nlab kanallarga suv olinadi va dehqonchilik uchun asosiy manba hisoblanadi.
Qadimiy daryo hozirgi kunda ham muhim o‘ringa ega bo‘lib, uning suvidan mamlakatimizning Qashqadaryo, Samarqand, Navoiy va Buxoro viloyatlari hamda Tojikiston respublikasining bir qismi bahramand bo‘lmoqda. Zarafshon daryosi aholining suvga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash bilan bir qatorda, mamlakatning qishloq xo‘jaligi va sanoat sohalari uchun ham zarurdir.
M. IBRAGIMOVA,
Navoiy viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi direktori.