Zarafshon milliy tabiat bog‘ining keyingi taqdiri nima bo‘ladi?
Noyob o‘simlik va hayvonot turlari saqlanayotgan, o‘ziga xos landshaftga ega, qariyb 2,5 ming gektar maydonni egallagan bog‘da keyingi paytda daraxtlarning kesilishi, yong‘inlar, tadbirkorlar tomonidan noqonuniy qurilishlar ko‘p kuzatildi.
Ushbu muammolarga yechim topish, hududni ekoturizm maskaniga aylantirish maqsadida 2022 yilda bog‘ O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi va viloyat hokimligi tasarrufidan hozirgi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tasarrufiga o‘tkazildi. Xo‘sh, shundan keyin milliy bog‘da nimalar o‘zgardi? Hududni ekoturizm maskaniga aylantirish uchun qanday ishlar qilindi?
Zarafshon milliy tabiat bog‘ida bo‘lib, ana shu savollarga javob izladik.
- Bog‘ning umumiy yer maydoni 2426,4 gektar bo‘lib, qo‘riqxona, rekreatsiya, xo‘jalik va boshqa maqsadlarda foydalanish zonalariga ajratilgan, - deydi Zarafshon milliy tabiat bog‘i direktori Obidjon Rustamov. - Hududdagi volerda 32 bosh, ochiq tabiatda esa "Qizil kitob"ga kiritilgan 125 bosh Buxoro xonguli bug‘ulari ko‘paytirilmoqda. 2018 yilda volerdagi Buxoro bug‘ulari genini yangilash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Quyi Amudaryo biosfera rezervati”dan 2 bosh erkak bug‘u olib kelindi. Bog‘da 300 ga yaqin o‘simlik, 200 turdan ziyod, jumladan, O‘zbekiston "Qizil kitobi"ga kiritilgan qushlarning 26 turi hamda tuyaqush, Amerika lamasi, tovus, susarka, oqqush, maymun va boshqa jonzotlar ham bor.
Bog‘ hududi yetti bo‘limdan iborat bo‘lib, 38 nafar xodim biriktirganmiz. Har bir hududni ikki nafardan inspektor nazorat qiladi. Ular zarur texnika, qurol-yarog‘ va maxsus kiyim-bosh bilan ta’minlangan. Ammo bu yerda hal qilinishi kerak bo‘lgan bir qator muammolar bor. Jumladan, milliy bog‘dagi asosiy muammolardan biri suv masalasi. Suv yo‘qligi uchun hududdagi daraxtlar qurib qolmoqda. Buning ustiga Zarafshon daryosidan qum-shag‘allarning qazib olinishi oqibatida suv sathi pasayib ketgan, natijada baliqlar, daraxtlar, o‘simlik va ayrim jonzotlar yo‘qolib ketyapti. Shuningdek, bog‘ aholi yashash joyiga juda yaqinligi uchun fuqarolarning hududga zarari ko‘p tegyapti. Masalan, birov o‘tin o‘g‘irlash, mol-qo‘y boqish, yana kimdir qush yoki boshqa jonzotni ovlash uchun hududga kiryapti. Bu muammolarga barham berish uchun hech bo‘lmaganda har bir bo‘limga to‘rttadan suv quduqlari chiqarish, bog‘ga qarashli 47 kilometr hududni setka to‘siqlar bilan o‘rash kerak.
Viloyat hokimining 2022 yil 21 dekabrdagi “Zarafshon milliy tabiat bog‘i infratuzilmasini tubdan takomillashtirish maqsadida 2023 yilda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi”ga muvofiq, M-39 xalqaro magistral yo‘lidan Zarafshon milliy tabiat bog‘igacha bo‘lgan 3,5 kilometr yo‘lni asfalt qilish, bog‘ning elektr ta’minotini yaxshilash, hududga tabiiy gaz tarmog‘i tortish, 40 kilometrga setka to‘siqlar o‘rnatish, hudud uchun zarur jihozlar olish, "Qizil kitob"ga kiritilgan va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan hayvonlarni himoya qilish maqsadida hududni kengaytirish hamda Zarafshon daryosida to‘g‘on barpo etish ko‘rsatilgan. Ammo bu ishlar oxirigacha yetmagan va ayrimlariga hali qo‘l urilgani yo‘q. Xususan, hududda tabiiy gaz tarmog‘i va 1 kilometrga setka to‘siqlar tortilgan bo‘lsa, elektr simlarini tortish ishlari chala qolgan, yo‘lning belgilangan qismiga esa umuman asfalt yotqizilmagan.
Milliy bog‘ direktorining ta’kidlashicha, 2020-2022 yillarda hududda 72 nafar tadbirkor noqonuniy faoliyat olib borganligi uchun sud qarori bilan ob’yektlar buzilib, tadbirkorlar chiqarib yuborilyapti. Shuningdek, bog‘ hududidan ijaraga berilgan qishloq xo‘jalik yerlarining shartnomasi ham bekor qilinmoqda. Bu ishlar to‘liq yakunlansa, hududni ekoturizm maskaniga aylantirish rejalashtirilgan.
Aytish joizki, keyingi paytda milliy bog‘ga mahalliy va xorijlik sayyohlar oqimi keskin kamayib ketgan va buning bir nechta sabablari bor. Birinchidan, M-39 xalqaro magistral yo‘lidan bog‘ga olib boruvchi qariyb to‘rt kilometr yo‘l ta’mirtalab holga kelib qolgan. Ikkinchidan, sayyohlarni kutib olish uchun alohida tashrif markazi yo‘q.
Uchinchidan, xavfsizlik tizimi va jonzotlarning saqlov joyi talabga javob bermaydi. To‘rtinchidan, sayyohlarning tanovul qilishi va hordiq chiqarishi uchun maxsus joylar yo‘q.
- O‘tgan yil bog‘ga 7 mingdan ortiq mahalliy va bor-yo‘g‘i 150 nafar xorijlik sayyoh keldi, - deydi Zarafshon milliy tabiat bog‘i turizm mutaxassisi Bobosher Meliyev. – Ayni paytda hududda xorijlik va mahalliy sayyohlar oqimini ko‘paytirish, ularni kutib olish maqsadida tashrif markazi qurilmoqda. Albatta, bu maskanni ekoturizmga aylantirish uchun yetarli emas. Shu bois hududda zooparklar, turizm yo‘laklari tashkil qilish, noqonuniy qurilishlarni to‘liq buzib, o‘rniga daraxtlar ekish, sayyohlar uchun maxsus joylar tashkil qilish, hududda kuzatuv kameralari o‘rnatish bo‘yicha takliflar mas’ul tashkilotlar va vazirlikkacha yuborilgan.
Bog‘ mas’ullari hududdagi muammo va kamchiliklar hamda milliy bog‘ni ekoturizm maskaniga aylantirish bo‘yicha o‘z takliflarini bergan. Lekin bu ishlar amalda qilinadimi-yo‘qmi, mas’ullar milliy tabiat bog‘iga qanchalik e’tibor qaratadi, bu bizga qorong‘u.
Darvoqe, Zarafshon milliy tabiat bog‘ida 2020 yildan buyon yong‘in kuzatiladi. Joriy yil qishning chillasida ham bog‘da yana yong‘in sodir bo‘ldi. Ushbu yong‘inning kelib chiqish sabablari haqida bog‘ mas’ullaridan so‘rganimizda to‘liq ma’lumot berishni istashmadi va qaysidir fermer atayin qilgani haqida aytishdi. Yaqinda viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Ismoilov ishtirokidagi matbuot anjumanida ham milliy bog‘ hududida sodir bo‘lgan yong‘in qasddan amalga oshirilgani ta’kidlandi. Va holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov-surishtiruv ishlari davom etayotgani, jarayonni Bosh prokuratura nazoratga olgani ma’lum qilindi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.