"Zarafshon" milliy tabiat bog‘idagi yong‘in qasddan sodir etilgan bo‘lishi mumkin
Shu yilning yanvar oyida mazkur bog‘ning Olmazor mahallasi hududida yong‘in sodir bo‘lib, tabiatga 120 million so‘mlik zarar yetkazilgani ma’lum bo‘lgan edi.
Afsuski deyarli har yili qo‘riqxona hududida yong‘in hodisalari bo‘lib turadi. Ammo bu yilgi yong‘in qishda sodir bo‘lgani ko‘pchilikda ofat sabablari yuzasidan savol uyg‘otgandi.
Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i ishtirokidagi matbuot anjumanida boshqarma boshlig‘i Ilhom Ismoilov shu holatga to‘xtalib o‘tdi. Aytilishicha, milliy bog‘ hududida sodir bo‘lgan yong‘in qasddan amalga oshirilgan bo‘lishi mumkin. Bu bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda tergov-surishtiruv ishlari davom etmoqda. Tergov jarayonlari Bosh prokuratura nazoratiga olingan.
Umuman, o‘tgan yil davomida Samarqand viloyatida yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzgan uch mingdan ziyod rahbar, mas’ul shaxslar va fuqarolar ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Viloyatda yong‘in xavfsizligini ta’minlash borasidagi mavjud muammo va kamchiliklar yuzasidan hokimliklarga 600 dan ziyod axborotnoma va taqdimnomalar kiritilgan.