Qo‘riqxonada talabalar uchun sayyor darslar o‘tildi
Samarqand xalqaro texnologiya universiteti professori Randey Vernon "Zarafshon" milliy tabiat bog‘ida talabalar uchun sayyor darslar tashkil etdi.
Bo‘sh vaqtlardan unumli foydalanish hamda tabiatga bo‘lgan mehr va e’tiborni kuchaytirish maqsadida tashkil etilgan sayyor darslar universitet qoshidagi tabiat klubi tashabbusi bilan o‘tkazildi.
Mazkur tabiatshunoslar klubi talabalarga ingliz tilida saboq olishdagi ko‘nikmalarini oshirishga yordam beradi. Klub o‘z a’zolari e’tiborini dunyodagi ekologiya muammolari, xususan, yurtimizning tabiiy boyliklari, hayvonot dunyosini chuqurroq o‘rganishga qaratadi. Shuningdek, atrof-muhitni ozoda saqlashga global miqyosda e’tibor kuchayib borayotganini inobatga olib, klub talaba-yoshlarni mamlakatimiz tabiiy resurslarini himoya qilishga intilish, shuningdek, energetika sohasini rivojlantirish muammolarini tahlil etishga undaydi.
Klub a’zolari tabiat jurnallarini yuritadi, ularda sayohatlar davomida kuzatishlar, shuningdek, muayyan o‘simliklar, hayvonlar, yashash joylari va ekotizimlar bo‘yicha individual tadqiqotlar olib borishlari mumkin.
Dilmurod To‘xtayev.