Zarafshon milliy tabiat bog‘ining ertasi xavf ostida(mi?)

O‘zbekistoning eng noyob landshaftlaridan biri to‘qay yoki kayir o‘rmonlari hisoblanadi. To‘qaylar O‘zbekistonning eng yirik daryolari qirg‘oqlarida joylashgan toza havo bilan ta’minlovchidir.

Kayir o‘rmonlari daryoni ifloslanishdan saqlab, suvning tozaligini ta’minlaydi hamda tabiatda namlik almashinuvida asosiy rol o‘ynaydi. Yaqin vaqtlargacha to‘qaylar katta maydonlarni egallab kelgan, lekin turli sabablarga ko‘ra ularning maydoni taxminan 10 foizga kamayib ketdi.

To‘qay o‘rmonlari Butunjahon yovvoyi tabiat fondi (WWF) tomonidan jiddiy muhofazaga muhtoj ekologik hududlarning «GLOBAL – 200» ro‘yxatiga kiritilgan. Zarafshon milliy tabiat bog‘i hududida 300 ga yaqin o‘simlik turi o‘sadi. Baliqlarning 18, suvda va quruqlikda yashovchilarning 2, sudralib yuruvchilarning 10, qushlarning 218, sut emizuvchilarning 26 turi mavjud. Tabiat bog‘ida 200 turdan ziyod qushni uchratish mumkin. Yuqorida sanab o‘tilgan o‘simliklar, qush va hayvonlarning aksariyati O‘zbekiston qizil kitobida ro‘yxatga olingan.

Buxoro bug‘usi (xongul) Markaziy Osiyo uchun endemik hisoblanadi. Bu shuni anglatadiki, u faqat Markaziy Osiyoda yashaydi va boshqa hech qayerda topilmaydi. Buxoro bug‘ulari O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston, Qozog‘iston va Afg‘onistonda uchraydi. Xongul nisbatan yaqin vaqtlarda to‘qay o‘rmonlarda keng tarqalgan edi, endilikda noyob hayvonlar qatoriga kirdi. Buxoro bug‘ulari Xalqaro qizil ro‘yxatga va tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro konvensiyaga kiritilgan. Hozir bog‘da ochiq tabiatda 100 dan ziyod Buxoro bug‘usi yashamoqda, 30 dan ortig‘i o‘ralgan joyda (valerada) parvarish qilinmoqda.

Ko‘rinib turibdiki, Milliy tabiat bog‘i ertangi avlod eklologik barqarorligini ta’minlashda juda muhim. Hozirdan iqlim o‘zgarishi, tabiiy boyliklar va suv resurslarining tobora taqchil bo‘lib borayotgani barqaror rivojlanishga kuchli salbiy ta’sir etmoqda. Ekologiya va atrof-muhitni asrash, suv taqchilligining oldini olish bundan buyon ham dolzarb vazifa bo‘lib qoladi. Tabiatni asrash borasida shuncha global muammo bilan kurashilayotgan paytda bog‘ga tutash hududdagi Beshkapa, Do‘rmon, O‘roqli qishloqlaridagi fermer va ayrim fuqarolar muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risidagi qonunni buzib, noqonuniy hududga kirib milliy tabiat bog‘ining ichki buloq suvlaridan o‘zboshimchalik bilan foydalanib kelmoqda. Hududga tutash Yerteshar, Karapchi, Ashirto‘p, Mo‘g‘ol, Beshkal, Cho‘chqatur va yuqorida sanalgan qishloqlardagi ayrim shaxslar tabiat bog‘i balansidagi yer maydonlarini bir necha o‘n yillardan buyon shaxsiy tomorqaga aylantirib, chorva mollarini boqib, daraxtlarni kesib, yong‘in chiqarish holatlari kuzatilmoqda.

Bog‘ yerlari yoki hududdagi buloq suvlaridan noqonuniy foydalanishning oldini olish uchun, avvalo, ishchi guruh tuzib, respublika, viloyat, tuman kadastr mutaxassislari yordamida chegaralarni yana bir bor aniqlab olish lozim. Milliy bog‘ hududining aholi yashash punktlari bilan chegaralarini to‘siqlar bilan o‘rab, hududga nazorat kameralari o‘rnatish, qonunbuzarlarga nisbatan ma’muriy, jinoiy javobgarlikni kuchaytirish maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Yana bir taklif-tajriba sifatida Zarafshon milliy tabiat bog‘ini o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazish kerak. Bog‘ ekoturizmdan (sayyohlarni jalb qilish), yer ijarachilaridan tushadigan mablag‘lar hisobidan o‘zini o‘zi ta’minlab, tashkilotning moddiy-texnika bazasini mustahkamlaydi. Dehqonchilik maqsadida fuqarolar foydalanib kelayotgan milliy bog‘ yerlarida qonuniy asosda ma’lum bir muddatga manzarali va ko‘p yillik ixota daraxtzorlari barpo etilib, ekoturizm tashkil qilinsa ham ekologiya, ham iqtisodiy tarafdan foydali bo‘ladi. Agar bog‘ning kelajagiga bugun e’tibor qaratilmasa, yaqin o‘n yillarda bog‘ holati salbiy tomonga o‘zgarib ketishi hech gap emas.

Zarafshon milliy tabiat bog‘ining Samarqand shahriga yaqinligi shahar ekologiyasi, ekologik turizm uchun juda katta ahamiyatga ega. Milliy tabiat bog‘i ishchi-xodimlari uchun haftada bir kunni avtomobilsiz kun, deb e’lon qilsak. Inson kuniga 8-10 ming qadam piyoda yursa, yurak faoliyati, qon aylanishi yaxshi bo‘ladi. Bog‘ hududini haqiqiy ekologik toza hudud sifatida saqlab qolish uchun mashinamizni darvozadan tashqarida qoldiraylik va bog‘ hududida har qanday avtotransport harakatini cheklaylik. Bog‘ hududidagi har bir bo‘lim nazoratchilari xizmat joylari ham ikki yilda almashtirib turilsa ish samaradorligi ortib, korrupsion holatlarning oldi olinadi.

Milliy tabiat bog‘idagi hayvonot bog‘i hayvonlari turlari yildan yilga   kamayib bormoqda. Bog‘ hududiga kiradigan sayyohlardan tushadigan mablag‘larni to‘g‘ri taqsimlab, hayvonlar soni va turlari ko‘paytirish, bog‘ hududiga sayyohlarni olib yuradigan 5-10 kishilik elektromobillar sotib olish imkoniyatlari bor. Maratoriy elon qilinishiga qaramay Zarafshon daryosidan noruda materiallari qazib olish ishlari davom etmoqda. Zarafshon daryosi sathi keyingi 20 yilda 7-8 metrgacha tushib ketgan. Ayni vegitatsiya davrida yer osti suvlarining tushib ketishi oqibatida bog‘ hududidagi qizil kitobga kiritilgan o‘simliklar va daraxtlar qurib qolishi kuzatilmoqda. Agar daryo sathi yana atropogen omillar ta’sirida 10 metrga tushsa Zarafshon milliy tabiat bog‘i ekotizimi umuman yomon ahvolda qoladi. 

Shu sababli bugun milliy tabiat bog‘idagi har bir holatni e’tiborga olib, o‘simlik va hayvonot dunyosini saqlab qolish choralarini ko‘rish lozim.

E.Xolmanov,

Milliy tabiat bog‘i fan va atrof tabiiy muhit monitoringi bo‘limi mutaxassisi.