Istirohat bog‘ida yaroqsiz attraksionlar o‘rnatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi

9 fevral kuni “Zarnews.uz” telegram kanalida e’lon qilingan “Loyish istirohat bog‘ida nima gap yoxud “Egachim erga tegdi, eskisi menga tegdi”mi?” sarlavhali maqolada Oqdaryo tumani istirohat bog‘ida tadbirkor tomonidan yaroqsiz attraksion o‘rnatilayotganligi haqida yoritilgan edi. Mazkur holatga oydinlik kiritish va muammoni bartaraf etish maqsadida Oqdaryo tumani hokimi N.Sulaymonov istirohat bog‘iga bordi.

Tuman hokimi dastlab istirohat bog‘ida tadbirkor tomonidan attraksionlarni o‘rnatish bo‘yicha olib borilayotgan qurilish, ta’mirlash ishlari hamda yangi tashkil etilayotgan muzeyni ko‘zdan kechirdi. Shundan so‘ng “Oqdaryo ovozi” gazetasi tahririyati xodimlari, “Boburxon baxt-baraka” MChJ rahbari B.Saidmurodov, tuman madaniyat bo‘limi mudiri N.Japarov, istirohat bog‘i direktori A.Jalilov va boshqa mas’ullar bilan masala yuzasida muloqot qildi.

Tuman hokimi istirohat bog‘ida sifatsiz, yaroqsiz attraksionlar o‘rnatilishiga yo‘l qo‘yilmasligi, o‘rnatilgan har bir attraksion viloyatning maxsus nazorat inspeksiyasi mutaxassislari tomonidan tekshirilib, foydalanishga ruxsat berilsagina ishga tushirilishi mumkinligini ta’kidladi.

Tadbirkor B.Saidmurodov jurnalistlarga qilgan qo‘pol muomalasi uchun uzr so‘radi.

Olib kelingan yaroqsiz attraksion jihozlari istirohat bog‘idan olib chiqib ketildi.

Oqdaryo tumani hokimligi axborot xizmati.