Qishda gazdan muammo bo‘lmaydimi?

Har gal sovuq tushishi bilan aholidan “Gaz bosimi pasayib qoldi”, “Gaz berilmayapti”, “Gaz balloni o‘z vaqtida kelmadi”, “Ballondagi gaz bir haftaga bormay tugadi”, “Ballon nosoz ekan”, degan shikoyatlarni eshitamiz.
Kunlar sovimasidan esa “Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik boshlandi” deb bong uriladi, qilinayotgan ishlar ko‘z-ko‘z qilinib, mas’ullar odatdagidek va’dalar beradi.
Ammo bu safar unday bo‘lmadi. “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali tomonidan kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida gaz xo‘jaligida amalga oshirilayotgangan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida mas’ullar: “Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘ryapmiz, lekin gazdan muammo bo‘lmaydi, deb oldindan va’da berolmaymiz”, dedi.
Bu gap mas’ullarning avvalgi yillardagidan farqli ravishda “hammasi joyida bo‘ladi”, degan “navbatchi” gapi emas, balki mavjud vaziyat va muammolar haqida ochiq gapirayotganini anglatadi.
“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali direktori o‘rinbosari Jasur Avazovning ta’kidlashicha, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida 24,7 kilometr gaz tarmoqlarini mukammal ta’mirlash va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirga qadar 11,7 kilometr tarmoqda ishlar bajarilgan. 50 dona gaz taqsimlash qurilmasi soz holatga keltirilib, 4923 dona qurilma taftish qilingan. Gaz tarmoqlarini bosim ostida zichlikda sinash va havo bosimida tozalash maqsadida 859 kilometr tarmoqda amaliy ishlar olib borilgan.
Shu bilan birga, joriy yil viloyatda 16 ming 620 ta xonadonni uch bosqichli tizimdan ikki bosqichli tizimga o‘tkazish rejalashtirilgan bo‘lib, joriy yilning yanvar-iyul oylarida 16 ming 438 ta xonadon ikki bosqichli tizimga o‘tkazilgan va 495 dona o‘rta bosimli gaz taqsimlash qurilmasi demontaj qilingan.
– Tashkilotimizga qarashli 6 gaz to‘ldirish stansiyasi va gaz to‘ldirish punkti hamda 13 ta shartnoma asosida xizmat ko‘rsatadigan xususiy gaz to‘ldirish shoxobchasi iste’molchilarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda, – deydi J.Avazov. – Joriy yilning 7 oyida viloyatda 769 ta mahalladagi 507 ming 919 nafar aholi va 429 ta ijtimoiy soha ob’yektlari uchun 50509,4 tonna suyultirilgan gaz fondi ajratildi. Iste’molchilarga 48597,7 tonna suyultirilgan gaz mahsuloti yetkazib berilib, ehtiyojmand oilalar 3291 dona maishiy gaz balloni bilan ta’minlandi.
– Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘ryapmiz, lekin gazdan muammo bo‘lmaydi, deb oldindan va’da berolmaymiz, – deydi “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Ma’ruf Pardayev. – Filialimiz tasarrufidagi Samarqand gaz to‘ldirish stansiyasi, Urgut, Payariq, Paxtachi, Kattaqo‘rg‘on va Qo‘shrabot gaz to‘ldirish shoxobchalarida maishiy gaz ballonlarni sinovdan o‘tkazish va ta’mirlash sexlari mavjud bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida 94 ming 952 dona maishiy gaz balloni sinovdan o‘tkazilib, 42 mingdan ziyod jo‘mraklar almashtirildi.
Bugungi kunda aholi xonadonlariga suyultirilgan gaz yetkazib berish maqsadida uch turdagi 120 ga yaqin yuk mashinasi shartnoma asosida xizmat qilib kelmoqda. Gaz ballonlarini og‘irlik o‘lchovini nazorat qilish maqsadida 110 ta maxsus gaz yetkazib beruvchi avtomashinada 110 dona o‘lchov tarozi mavjud bo‘lib, davlat qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazilgan tartib asosida aholiga xizmat ko‘rsatilmoqda.
Matbuot anjumanida qayd etilishicha, fuqarolarda suyultirilgan gaz balloni bo‘yicha muammo va savollar bo‘lsa yoki tizimda korrupsiya holatlariga duch kelsa, 1104 yoki 66-239-78-02 telefon raqamlariga murojaat qilishlari mumkin.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.