Yangi xizmat turi aholi xavfsizligini ta’minlaydi
“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali qoshida xonadonlarda suyultirilgan gaz to‘ldirilgan ballonlarni o‘rnatish va sinovdan o‘tkazish xizmati joriy etildi.
Maishiy gaz ballonlaridan foydalanishda aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida maxsus qo‘llanma ishlab chiqilgan bo‘lib, o‘rnatilish tartibiga qarab xizmat narxlari ham belgilangan.
Endilikda, mahallama-mahalla yurib iste’molchilarga maishiy gaz ballon tashuvchi avtotransportlar uchun zururiyatga qarab qo‘shimcha bittadan xodim jalb etiladi. Ular suyultirilgan gaz iste’molchilarning xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan 2 ta yo‘nalishda qo‘shimcha xizmat ko‘rsatadi.
Jumladan, xavfsizlikni ta’minlovchi xodim maishiy gaz ballonni xonadonga olib kirib o‘rnatishdan oldin iste’molchiga texnika xavfsizligi bo‘yicha tushuntirishlar beradi. Agar iste’molchi tomonidan e’tiroz bildirilmasa, gaz ballonni o‘rnatishni amalga oshiradi.
Suyultirilgan gaz ballonlarni almashtirish va o‘rnatish uchun bir martalik ko‘rsatilgan xizmat ko‘rsatish narxi 3000 so‘m etib belgilangan. Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 16 martdagi “Gaz xo‘jaligida xavfsizlik qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, gaz ballonni soz holatda saqlanishi, barcha texnik me’yorlar asosida uzoq muddat xavfsiz foydalanishini ta’minlash uchun ta’mirlash va sinovdan o‘tkazish tasdiqlangan ta’riflarga muvofiq iste’molchidan maxsus to‘lov pattasi orqali besh yilda bir marotaba 67.000 so‘m to‘lov undiriladi. Ushbu to‘lovni iste’molchi har yili 5/1 qismini to‘lab borishi ham mumkin. Shu paytgacha maishiy gaz ballonlarni sinovdan o‘tkazish va ta’mirlash xarajatlari ta’minotchi korxona tomonidan qoplangan.
Bajariladigan xizmatning sifati hamda xavfsizlik qoidalariga to‘liq amal qilinishi “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali korxonasining servis xizmatlarini rivojlantirish bo‘limi tomonidan nazoratga olinadi.
Eslatib o‘tamiz, 1 ta 20 kilogramm suyultirilgan gaz to‘ldirilgan ballonning narxi 22 400 so‘mni tashkil etadi.
“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati.