Kitobxonning saviyasini o‘stirishga mag‘zi to‘q asarlar taqdim etish orqali erishiladi

Badiiy ijodda fikr, g‘oya birlamchimi yoki tuyg‘u? So‘nggi paytlarda nima uchun saviyasi past she’rlar, kitoblar ko‘paymoqda?

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi, “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari tahririyati, viloyat teleradiokompaniyasi hamda Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi hamkorligida jurnalist, shoir va tarjimon Yor Muhammad ijodiga bag‘ishlab o‘tkazilgan adabiy kechada shu savollar atrofida mulohaza yuritildi.

Unda Samarqand davlat universiteti filologiya va huquqshunoslik fakultetlari talabalari, Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi qoshidagi adabiy to‘garak a’zolari, olimlar, ijodkorlar ishtirok etdi.

– Badiiy ijodda fikr ham, tuyg‘u ham birlamchidir. Ustoz Abdulla Qodiriy qayd etganlaridek, “So‘z – qolip, fikr uning ichiga quyilgan g‘isht bo‘lsin...”, - dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi rahbari Toshpo‘lat Tugalov. – She’r shoir hissiyotlari, kechinmalarining ulkan ijodiy mehnat natijasida qog‘ozga chizilgan betakror manzaralaridir. Yor Muhammadning she’rlarini o‘qigan kishi ana shu manzaralardan bahramand bo‘ladi. Shuning uchun shoirning qator kitoblari nashr etildi va uning ijodi adabiy jamoatchilik nazariga tushdi.

Shuningdek, tadbirda keyingi paytda e’lon qilinayotgan ayrim she’rlar, kitoblarning badiiy saviyasi haqida ham gap bordi.

-  Menimcha, faqatgina kitobxonning saviyasini o‘stirish, unga mag‘zi to‘q asarlar taqdim etish bilangina bunday holatlarga qarshi kurashish mumkin, - dedi yozuvchi Xo‘roz Abdusalomov. - Shunday qilinsa, o‘quvchida tanlash imkoniyati ko‘proq bo‘ladi va u albatta yaxshi asarni tanlab oladi. Yaxshi esimda, Yor Muhammadning “Muhabbat bekati”, “Ko‘ngilga tashrif” kitoblari do‘konlarda juda tez sotilib ketgan. 

Uchrashuvda Yor Muhammad Vatan, Navro‘z, Muhabbat haqidagi she’rlaridan namunalar o‘qidi va yosh ijodkorlarning savollariga javob qaytardi.

Adabiy kechada viloyat musiqa va drama teatri aktyori, kulgi ustasi Fazliddin Boliqulovning shoir Yor Muhammad hayoti bilan bog‘liq ichakuzdi hangomalari to‘planganlarga xush kayfiyat ulashdi.

Dilbar Rustamova.