"Nevaramga kitob olib beraman"
"Nuroniy" jamg‘armasi Samarqand shahar bo‘linmasi bundan yarim yil avval boshlagan "Nevaramga kitob olib beraman" harakati ancha ommalashib qoldi.
Har gal shaharda yashovchi nuroniylar shanba kunlari "Samarqand kitob olami" do‘koniga nevaralarini olib kelishadi. Birgalikda kitob rastalarini ko‘zdan kechirish barobarida o‘qish uchun asar tanlashadi, kitoblar mazmuni yuzasidan bolalar ham, kattalar ham suhbat qurishadi.
Muhimi kitob tanlash va uni mutolaa qilish zavqidan xursand bo‘lganlarni ko‘rib havasing keladi. Chunki kitobga oshno bu bolalar kelgusida jamiyatning faol ziyolisi bo‘lishiga shubha yo‘q.
- Bu harakatga mahalla oqsoqollari yordamida hamma kasb egalarini jalb etayapmiz, - deydi jamg‘arma shahar bo‘limi rahbari Xurshid Nurullayev. - Nasib etsa, kelasi haftada maktablar til va adabiyot fani o‘qituvchilarini taklif qilamiz.
Davlatimiz rahbarining bolalarni kitob o‘qishga, ilm olishga da’vatining samara berayotgani bu yerga tashrif buyurayotganlarning ishtiyoqu kayfiyatidan ham bilsa bo‘ladi. Qani edi, har bir tumanda, har bir mahallada bu harakatni yo‘lga qo‘ya olsak.
Suratlarda Nurafshon mahallasida istiqomat qiluvchi Qudratov Orziqul bobo va Do‘stmurodova Kibriyo onalar nevarasi bilan kitob mutolaa qilayapti.