Kitob orqali dunyoni kashf etamiz

Viloyat bolalar kutubxonasi jamoasi tomonidan yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish maqsadida ushbu shior ostida bir necha adabiy-badiiy tadbirlar o‘tkazildi.

- Har bir ota-ona farzandining ta’lim-tarbiyali, odob-axloqli, barkamol bo‘lib voyaga yetishini orzu qiladi va shunga intiladi, - deydi kutubxona direktori Yusuf Muhammadiyev. – Ayni paytda yosh bolaning qo‘liga qiziqarli ertak kitoblarni tutqazgan, o‘zbek va jahon adabiyoti vakillarining eng sara asarlarini  birgalikda mutolaa qilishga istak va fursat topgan ota-onagina o‘sha ezgu maqsadiga erishadi.

Samarqand shahridagi 24-umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Boshimizda oftob bor, qo‘limizda kitob bor” shiori ostida kitobxonlik tadbiri, 70-maktabda shoira Ra’no Odilovaning “Kumush terakzor” kitobining taqdimotlari o‘tkazildi.

“Ommaviy kitobxonlik haftaligi” doirasida viloyat bolalar kutubxonasi tomonidan yoshlar o‘rtasida kitobxonlik va mutolaa madaniyatini shakllantirish, ushbu yo‘nalishda targ‘ibot-tashviqot o‘tkazish, taniqli shoir va yozuvchilar ishtirokida ularning asarlariga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazildi. “O‘smir kitobxonligi va zamonaviy dunyo”, “Adabiy ring” va “Adabiy o‘yin”, “O‘qilgan kitoblardan sevimli personajlar”, “Men hikoya qilib bermoqchi bo‘lgan kitob” kabilar shular jumlasidandir. Bunda Samarqand shahridagi bir qator maktab o‘quvchi-yoshlari faol ishtirok etdi. Kutubxona xodimlarining shoir va yozuvchilar hayoti va ijodi, turli badiiy adabiyotlarga oid, shuningdek, o‘zbek xalq maqollari ishtirokida tuzgan savollariga javob berishdi. “Mening sevimli o‘yinchog‘im” mahorat darsida esa o‘quvchilar o‘zlari tikkan yumshoq o‘yinchoqlarni namoyish qildi. “Olam haqida bir olam kitob” nomli multi-media taqdimotida o‘quvchilar kitobning yaralish tarixi, uning ahamiyati, jahonga mashhur ilmiy, badiiy, ijtimoiy-siyosiy adabiyotlar haqida tushuncha olishdi.

- O‘qish-o‘rganishga chanqoq bo‘lgan bolalik damlarimizda bilim olish, mutolaa qilish uchun ma’no-mazmunli bir kitob topa olmasdik, -deydi “Madaniyat” mahallasida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Muzaffar Erkayev. – Topganimizda esa navbat kutib, almashib o‘qib, ma’naviy ehtiyojimizni qondirardik. Ota-ona va ustozlarimizga qanday savol bilan murojaat qilsak, ular barcha jumboqni kitobdan yechimini axtarishga undardi, shunga qiziqtirardi. Bugun imkoniyatlar keng, kitobxonlikka e’tibor ham o‘zgacha. Faqat farzandu nibiralarimizni televideniye, internet, kompyuterlarga bog‘lanib qolishining oldini olib, kitob o‘qishga jalb qilolsak bas.

“Ommaviy kitobxonlik haftaligi” yakunida “Eng yaxshi kitobxon o‘quvchi”, “Eng yaxshi kitobxon sinf”, “Eng yaxshi kitobxon maktab”, “Eng yaxshi kitobxona oila” kabi nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar  aniqlanib, kutubxonaning faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Orif Xoliqulov.