«Yangi yilga – yangi kitob»

Paxtachi tumanidagi 35-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ana shu shior ostida kitobxonlik aksiyasi o‘tkazildi.

Mazkur maktab kutubxonasi 9 mingga yaqin kitob fondiga ega bo‘lib, kitoblarning 835 tasini badiiy adabiyotlar tashkil etadi.

– Nafaqat maktabimiz o‘quvchilari, balki sobiq bitiruvchilar va ota-onalar ham kitobsevar, – deydi kutubxonachi Sirojiddin Karimov. – Aksiya doirasida kutubxonamizga Fayrat Yo‘ldoshev, Faybulla Abdurasulov, Ilhom Rasulov, Hamidulla Ergashev kabi maktabimizning sobiq o‘quvchilari tomonidan 200 ga yaqin kitob sovg‘a qilindi. 81 yoshli Eshnazar bobo Norbo‘tayev uyidagi kitoblardan 5 tasini maktab kutubxonasiga sovg‘a qildi.

Darvoqe, aksiya doirasida Eshnazar bobo kabi otaxon-u onaxon, ota-onalar maktabga kelib, nevara-yu farzandlarining kitob o‘qishga qiziqishini oshirish maqsadida kitoblar oldi. Shuningdek, badiiy kitoblarni o‘zaro almashib o‘qish va asar haqida fikrlashish maqsadida har oyda bir marta maktabda «Men sevgan asar» mavzusida tadbir o‘tkazishga kelishib olishdi.

Izzatulla NORQUVVATOV.