Bo‘sh vaqt topdingizmi, kitob o‘qing!

Buyuk shoir va mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy yozganidek, kitob – beminnat ustoz, bilim va ma’naviy yuksalishga erishishning eng asosiy manbai.

Bu ibora Samarqand shahridagi 24-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etilgan “Kitobxonlik ma’naviyatni yuksaltiradi” mavzusidagi davra suhbatida bot-bot takrorlandi.

Unda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari Xosiyat Bobomurodova va Rahmon Hojimurodov o‘quvchilarga bo‘sh vaqtlarda kitob o‘qishning ahamiyati haqida hayotiy misollar orqali gapirib berdi. O‘z navbatida o‘quvchilar kitobxonlik, ayrim asarlarning yozilish tarixi, qahramonlarining taqdiri bilan bog‘liq o‘zlarini qiziqtirgan savollar berib, javoblar olishdi.

- Bu kabi tadbirlar o‘quvchilarimizning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga xizmat qiladi, - deydi maktab direktori T.Doliyeva. – Muhimi, kitobga mehrini uyg‘otadi, oshno etadi. Shu jihatdan bugungi uchrashuvdan o‘quvchi-yoshlarimiz o‘zlariga kerakli xulosalarni chiqardi.

Marjona Mirzayeva.