Samarqandda sud yirik soliq to‘lovchiga 724 million so‘mdan ko‘proq jarima qo‘llash haqidagi talabni rad etdi
Sud xarajatlari soliq inspeksiyasidan undirildi.
Toyloq tumanlararo iqtisodiy sudiga arizachi - yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi ariza bilan murojaat qilib, javobgar - MChJga nisbatan muddati o‘tgan 226 ming 770,70 dollar miqdoridagi debitorlik qarzining foizlar ekvivalentida moliyaviy jarima qo‘llash so‘ralgan.
Markaziy bank tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, yirik soliq to‘lovchi toifasiga kiruvchi MChJning 2020 yilning 1 noyabr holatiga Xitoydagi korxona bilan import shartnomasi bo‘yicha 63 ming 800 dollar, Qozog‘istondagi korxona bilan eksport shartnomasi bo‘yicha 160 ming 470,74 dollar va Turkiyadagi korxona bilan import shartnomasi bo‘yicha 2 ming 500 dollar miqdorida muddati o‘tgan debitor qarzdorligi mavjudligi aniqlangan.
Arizada qayd etilishicha, MChJning Xitoydagi korxona bilan import shartnomasi bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik 2020 yil 11 fevralda, Qozog‘istondagi korxona bilan eksport shartnomasi bo‘yicha 2020 yil 15 fevralda va Turkiyadagi korxona bilan import shartnomasi bo‘yicha 2018 yil 20 mayda vujudga kelgan.
Hisoblash natijalari haqida tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlikni bartaraf etish yoki jarimani ixtiyoriy ravishda to‘lab berish to‘g‘risida javobgarga shaxsiy kabineti orqali elektron tartibda 2020 yil 16 noyabrda talabnoma yuborilgan. Biroq qayd etilgan 226 ming 770,70 dollar miqdoridagi muddati o‘tgan debitor qarzdorlik bartaraf etilmagan yoxud 724 million 250 ming 929 so‘m moliyaviy jarima ixtiyoriy to‘lanmagan.
Aniqlanishicha, yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi javobgar MChJning 2020 yil 26 noyabrdagi 501-sonli javob xatini inobatga olmay, ariza kiritishdan oldin TSOYaEAT (Tashqi savdo operatsiyalari yagona elektron axborot tizimi)dagi yangi ma’lumotlarni tekshirmasdan sudga ariza bilan murojaat qilgan. Vaholanki, o‘sha paytda javobgar qayd etilgan xorijiy davlatlardagi korxonalar bilan tashqi savdo shartnomalari bo‘yicha debitor qarzdorligi mavjud bo‘lmagan.
Javobgar tomonidan sudga tashqi savdo shartnomalari bo‘yicha qarzdorlik bartaraf qilinganligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilindi. TIF «Milliy bank» viloyat filialining ma’lumotnomasida eksport shartnomasi bo‘yicha qarzdorlik mavjud emasligi ma’lum qilingan.
Shunga ko‘ra, sud ariza talabini qanoatlantirishni rad qildi.
F.Majidov,
Toyloq tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi.