Oliy sud kattaqo‘rg‘onlik marhum soliqchining yaqinlari kaltaklangani bo‘yicha ma’lumot berdi

Navoiy viloyati sudi binosida 18 iyul kuni sudlanuvchilar, jabrlanuvchilar va ularning yaqin qarindoshlari o‘rtasida janjal kelib chiqib, mushtlashuv ro‘y bergan. Oliy sud matbuot xizmati holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, sud binosida Kattaqo‘rg‘on tumanidavlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlagan, marhum Aziz Ahmedovning vafoti bilan bog‘liq jinoyat ishini apellyasiya tartibida ko‘rib chiqish uchun taraflar sud majlisi zaliga taklif etilgan. Sud majlisi boshlanishi arafasida raislik etuvchi sudya va sudlov hay’ati a’zolari sud zaliga kirishga ulgurmagan bir vaqtda sudlanuvchilar, jabrlanuvchilar va ularning yaqin qarindoshlari o‘rtasida janjal kelib chiqib, mushtlashuv ro‘y bergan.

Bundan xabar topgan sud majlisiga raislik etuvchi sudya va sud xodimlari tomonidan ushbu ko‘ngilsizlikka zudlik bilan barham berish choralari ko‘rilgan. Sud zaliga Milliy gvardiya xodimlari darhol chaqirtirilib, ularning sa’y-harakatlari bilan qisqa muddatda vaziyat nazoratga olingan. Shu kuni sud majlisini o‘tkazish imkoni bo‘lmagani bois sud majlisi boshqa kunga qoldirilgan. Holat yuzasidan Navoiy viloyat IIB tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shrabot tuman sudining 2021 yil 3 dekabrdagi hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi Mehriddin Qo‘chqorov Jinoyat kodeksining 102-moddasi 1-qismi va 206-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilib, unga nisbatan kodeksning 59-moddasi tartibida 2 yil IIV tizimida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 2 yil 10 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Yana bir sudlanuvchi Shahboz Rahimberdiyev Jinoyat kodeksining 102-moddasi 1-qismi va 206-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilib, unga nisbatan ushbu kodeksning 59-moddasi tartibida 2 yil IIV tizimida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 2 yil 10 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Samarqand viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyasiya instansiyasining 2022 yil 31 yanvardagi ajrimi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shrabot tuman sudining 2021 yil 3 dekabrdagi hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining 2022 yil 3 iyundagi ajrimi bilan Samarqand viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyasiya instansiyasining 2022 yil 31 yanvardagi ajrimi bekor qilinib, ish yangitdan apellyasiya instansiyasi sudida ko‘rish uchun Navoiy viloyat sudiga yuborilgan.