O‘lkamiz mo‘’jizalari — Navoiydagi tosh qotgan o‘rmon
Yurtimizda shunday tabiat maskanlari borki, ularni ko‘rish uchun dunyoning narigi burchagidan izlab kelishadi-yu ba’zan o‘zimiz ana shu maskanlardan to‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lmaganimiz uchun bahramand bo‘lmaymiz.
Shu sababdan ham endilikda saytimiz orqali yurtimizning noyob maskanlari haqida ma’lumot berib boramiz.
Ulkan Qizilqum cho‘lida bundan million yillar ilgari Tetis dengizi mavjlanib turgan, deyishadi. Adog‘i yo‘q bu cho‘lda turli dengiz chig‘anoqlari uchrab turishi shundan. Mirzacho‘ldan nafaqat chig‘anoqlar, akula tishlari va suyaklari, hatto o‘rdakburun dinozavrning toshga aylangan suyaklari topilgan.
Ammo eng hayratlanarlisi bu ham emas. Qizilqumga butun dunyo sayyohlari e’tiborini qaratgan ajoyib maskanlardan biri bu — Tosho‘rmon.
Navoiyning Uchquduq tumanidagi Mingbuloq ovulidan 30 kilometr uzoqlikda joylashgan Jiraquduq darasidagi bundan 95-100 million yil avval mavjud bo‘lgan Tosho‘rmon deb ataluvchi noyob geologik, poleontologik, tarixiy va tabiiy ob’yekt bor.
Navoiy viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi vakili Shahzod Sa’dinovning hikoya qilib berishicha, million yillar oldin tabiati boy, o‘rmonzordan iborat bu hududga meteorit kelib urilgan. Natijada dengiz suvi parchalanib, bu yer yuz yillar davomida quyosh nuridan panada — chang-to‘zon girdobida qolgan. Portlash oqibatida begona jismning kimyoviy va fizik xususiyatlari ta’sirida dengiz atrofidagi o‘rmonzorlar va jonivorlar toshga aylangan. Yana ayrim taxminlarda esa dengiz suvi qurib qolgach, o‘simliklar yuzasi qum bilan qoplanib yillar ta’sirida toshga aylangan ham deyiladi.
Eng qizig‘i. mazkur tabiat mo‘’jizasi kashf etilganiga uncha ko‘p bo‘lgan emas. 2000-2006 yillarda O‘zbekiston, Buyuk Britaniya, AQSh, Rossiya va Kanada davlatlari paleontolog olimlari hamkorligidagi xalqaro ekspeditsiya yakunida bunday noyob mo‘’jiza ro‘yobga chiqqan.
PS: Toshga aylangan o‘rmonlar sayyoramizda kamdan kam uchraydigan holat. Bugungacha xuddi shunday o‘rmon AQShda aniqlangan. Aniqrog‘i, Arizona shtatida daraxtlari quyoshda kamalak ranglarida tovlanuvchi o‘rmon qoldiqlari joylashgan. «Toshga aylangan o‘rmon» deb ataluvchi milliy bog‘ turli minerallarga aylangan daraxtlar to‘nkalaridan va tanalaridan tashkil topgan. 200 million yil avval qalin o‘rmon bo‘lgan hudud iqlim va geografik o‘zgarishlar natijasida cho‘lga aylangan.