"Shohlarning shoiri, shoirlarning shohi"
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi O‘zbekiston Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan O‘zbek madaniyati markazida Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga bag‘ishlangan adabiy-badiiy kecha o‘tkazildi.
Unda Leningrad oblasti ma’muriyatining mahalliy o‘zini boshqarish, millatlararo va konfessional munosabatlar bo‘yicha maslahatchisi, professor V.Mixaylenko “Alisher Navoiy ijodiy merosi va zamon” mavzusida ma’ruza qilib, o‘zbek shoiri va mutafakkirining asarlarida ko‘tarilgan masalalar hozirgi paytda ham muhim ahamiyatga ega ekanini, Navoiy ijodiga qiziqish jahon miqyosida, jumladan Rossiyada ham ortib borayotganini, rossiyalik sharqshunos olimlar Navoiy hayoti va ijodini atroflicha o‘rganayotgani, hazrat Navoiyni insoniyatning mutafakkir muallimlaridan biri ekanligini ta’kidladi.
Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston va Belarus Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir va yozuvchi I. Ko‘chiyev Bobur yirik davlat arbobi va shoir sifatida butun dunyoda tan olinganini e’tirof etdi.
- Shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur o‘z hayotining asosiy qismini harbiy yurishlar va janglarda o‘tkazgan, - dedi Ismat Ko‘chiyev. - U Movaraunnahrning tarqoq viloyatlarini birlashtirish va buyuk temuriylar davlatini yangidan tiklashga uringan. Bobur Mirzoning ulkan davlat yaratish orzusi Hindistonda amalga oshdi, u 1526 yilda o‘z lashkari bilan shu mamlakatga yo‘l oldi. 1529 yilga kelib Bobur Mirzoning davlati Sharqiy Afg‘oniston, Panjob va Bengaliya chegarasigacha Gang vohasini o‘z ichiga olardi. Bobur Hindistonda yevropalik olimlarning talqiniga ko‘ra Buyuk mo‘g‘ullar, aslida esa Buyuk Boburiylar imperiyasiga asos solishga muyassar bo‘ldi. Mazkur imperiya qariyb uch yuz yil hukm surdi. Uning hukmronligi xalqlar o‘rtasida hamjihatlikni o‘rnatish, shuningdek aholining barcha qatlamlarini ma’rifatli qilishga yo‘naltirilgan edi.
Bobur iste’dodli harbiy va siyosatchi bo‘lish bilan birga buyuk shoir edi. Uning ruboiylari hozirgi kunda ham ko‘plab she’rxonlarni hayratlantiradi va ilhomlantiradi. Uning chig‘atoy tilida yaratilgan g‘azaliyoti timsollarga boyligi va hikmatlar bilan yo‘g‘rilgani bilan ajralib turadi. Bobur Mirzo 47 yillik hayoti mobaynida boy adabiy va ilmiy meros qoldirdi. U jahon miqyosida e’tirof etilgan mashhur “Boburnoma”, ajoyib g‘azallar va ruboiylar, musulmon qonunchiligiga oid “Mubayyin”, she’riyat qoidalariga bag‘ishlangan “Aruz risolasi”, musiqa va harbiy san’atga bag‘ishlangan asarlar, shuningdek, “Xatti Boburiy” maxsus alifbosini yaratgan.
Tadbirda Alisher Navoiy va Mirzo Bobur hayoti va ijodiga bag‘ishlangan hujjatli filmlardan parchalar namoyish qilindi. Sankt-Peterburg shahrida ta’lim olayotgan talabalar ijrosida ularning g‘azallaridan namunalar o‘qildi.
Shuningdek, Ismat Ko‘chiyevning rus tilida nashr qilingan “Bobur Mirzo asrlar oralab” dostoni qatnashchilarga hadya qilindi.
Abduhamid Pardayev.