Yarim asr davomida pishirib kelinadigan “abadiy” sho‘rva
Butun dunyo bo‘ylab odamlarni ajablantiradigan ko‘plab taomxonalar mavjud. Oshpazlarning professionalligi va xizmat ko‘rsatishning yuqori sifati tufayli ularning ba’zilari pazandalik olamidagi eng nufuzli mukofotlardan biri – Mishlen gildiyasi yulduziga sazovor bo‘ladi.
Agar siz Tailanddagi ana shunday mashhur yulduzni olishga muvaffaq bo‘lgan kichik kafega qarasangiz, nega gildiya ularga bu yulduzni berganini darhol tushunolmaysiz. Deyarli yarim asr davomida tinimsiz tayyorlanib keladigan taom tan olindi – chunki u hali ham ilgaridagidek mazali!

Bangkok ko‘chalarining biridagi oddiygina, ko‘rimsiz “Wattana Panich” kafesi 60 yildan ortiq vaqt davomida faoliyat yuritib keladi. O‘shanda hozirgi egasi Nattaponga Kavinuntavoning bobosi kichkina ikki qavatli binoni sotib olib, kafe ochgan edi.

U o‘z kafesi uchun hozirgi kunda dunyoga mashhur o‘lchamlari haqiqatan ham hayratlanarli, hidlari butun ko‘cha bo‘ylab tarqalib turadigan restoranning asosiy taomi tayyorlanadigan qozonni sotib olgan.

O‘ziga xos taom haqida gapiradigan bo‘lsak, uni har kim turlicha tasniflaydi. Ko‘pincha uni sho‘rvaga yo‘yishadi, ba’zilar yovg‘on sho‘rva desa, boshqalar jarkopga qiyoslaydi. Buning sababi shundaki, unda quyuq bulon tayyorlash uchun ishlatiladigan juda ko‘p go‘sht bor.
Hozirgi egasining so‘zlariga ko‘ra, ular har kuni o‘nlab Osiyo ziravorlari qo‘shilgan 70 kilogrammga yaqin yuqori sifatli mol go‘shtidan taom tayyorlashadi. Sarimsoq, dolchin, qalampir va kashnich qo‘shilishi bilan go‘sht nihoyatda yumshoq, bulon esa foydali va to‘yimli bo‘ladi.

“Wattana Panich” sho‘rvasidagi aynan ana shu bulon uni abadiy qiladi va buning sababi shundaki, ovqat qoldiqlari tashlab yuborilmaydi, oshpazlar uni alohida idishga olib qo‘yib, qozonni yuvishadi, so‘ngra sho‘rva toza qozonga quyib yuborilib, yangi mahsulotlar qo‘shiladi.
1974 yilda boshlangan bu amaliyot roppa-rosa yarim asrdan beri o‘zgarishsiz davom etmoqda. Shu tarzda sho‘rva texnik jihatdan birinchi egasi tomonidan tayyorlangan taomning ba’zi mikroskopik zarralarini o‘z ichiga oladi, deyishadi mutaxassislar.

Muhimi, taom chinakam mazali, uni tatib ko‘rish uchun bu yerga nafaqat sayyohlar kelishadi, balki kafening o‘ziga xosligidan boxabar mahalliy mehmonlari ham ko‘p. Ularning ko‘pchiligi kichkinaligida bu yerga kelgan, hozir esa bolalari va hatto nevaralarini ham olib kelishadi.
Yaqinda, abadiy sho‘rva fenomeni mashhur Mishlen gildiyasi nazariga tushdi. Ma’lum bo‘lishicha, 2018 yilda sirtdan “Wattana Panich”ga kelgan mutaxassisning taomga bergan bahosi muassasaga dunyodagi ko‘plab oshpazlar va restoratorlar oshpazlik mahorati va sifati ramzi sifatida olishni orzu qiladigan Mishlen yulduzini olish imkonini berdi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.