Navoiyda 200 kishiga jadvalda bo‘lmagan reys uchun aviachipta sotilgan: avvalroq Toshkent va Urganchda ham mavjud bo‘lmagan reys uchun chiptalar sotilgandi
8 noyabr kuni Rossiyaning “IFly Airlines” aviakompaniyasi tomonidan Navoiy–Moskva va Navoiy–Sankt-Peterburg yo‘nalishlari bo‘yicha parvoz qilish niyatida 200 nafar yo‘lovchi Navoiy xalqaro aeroportiga kelgan. Biroq bu reyslar jadvalda bo‘lmagan. Bu haqda "Uzbekistan Airports" xabar bermoqda.
Yo‘lovchilarning so‘zlariga ko‘ra, ular aviachiptalarni "Vostok Buxoro" kompaniyasining Samarqand, Buxoro va Urganch shaharlarida joylashgan turli filiallaridan xarid qilgan.
Navoiy aeroporti xodimlari chiptalarni sotgan kompaniya bilan bog‘lanib, yo‘lovchilarga kerakli ma’lumotlarni yetkazishni va vaziyatni bartaraf etishni talab qilgan. Kompaniya vakillari barcha yo‘lovchilarga chipta pullari qaytarilishini ma’lum qilgan.
Shundan so‘ng Transport vazirligi tomonidan “IFly Airlines” aviakompaniyasiga O‘zbekistonga parvozlarni amalga oshirish uchun vaqtincha taqiq qo‘yildi.
Qayd etilishicha, yo‘lovchilar huquqlarini ta’minlash maqsadida "O‘zaviatsiya" agentligi tomonidan 2020 yil oktyabr oyida aviakompaniyalarga O‘zbekiston aeroportlariga charter reyslarini amalga oshirish uchun tegishli ruxsatnoma olmasdan turib aviachiptalar sotishni to‘xtatish to‘g‘risida ogohlantirish xati yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, 4 noyabr kuni Urganch aeroportida ham 290 nafar fuqaroga aslida mavjud bo‘lmagan reys uchun chiptalar sotilgandi. 3 noyabr kuni esa Toshkentda 200 nafar fuqaro xuddi shu muammoga duch kelgan.
Avvalroq 8 million so‘mga Samarqand—Moskva yo‘nalishiga chipta sotib olib ucholmay qolgan fuqaro murojaati saytimizda e’lon qilingan edi. Afsuski, bu bo‘yicha biror bir tashkilot javobgarlikni zimmasiga olgan emas.