Ichki aviareyslar nega kamaymoqda?
Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasida "Uzbekistan airways" aksiyadorlik jamiyati rahbariyati bilan ochiq muloqot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Ommaviy axborot vositalari, sayyohlik kompaniyalari, aviakassa hamda tadbirkorlik sub’yektlari vakillari mas’ullarga o‘zini qiziqtirgan savollarni berdi.
Xususan, “Bo‘ston travel” sayyohlik kompaniyasi vakili Abbos Hazratqulov ichki aviareyslarning biror ogohlantirishlarsiz qo‘yilib-olinayotgani, bu esa turfirmalar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, fuqarolarning ham noroziligiga sabab bo‘layotganini aytdi. Mas’ullardan “Samarqand-Urganch” va “Samarqand-Farg‘ona” reyslarini tiklash taklifi berildi.
Aviakompaniyaning marketing bo‘limi boshlig‘i Shuxrat Mirsaidovga ko‘ra, ichki reyslarning qisqarishiga asosiy sabab reyslarning to‘lmay qolayotganligi hamda kompaniyaning ziyonga ishlayotgani bo‘lmoqda. Ayni bo‘shliq xususiy aviakompaniyalar tomonidan to‘ldirilayotgani, yaqin o‘rtada vodiyga ham reyslar tashkil etilishi ta’kidlandi.
Tadbirda aviachipta sotish masalasida mahalliy agentlarga noteng imkoniyatlar berilgani, talab yuqori bo‘lgan reyslarning poytaxtdan Samarqandga ko‘chirilmayotgani masalalarida ham murojaatlar bo‘ldi. Mas’ullar ularning asosiy qismiga shu yerning o‘zida javob bergan bo‘lsa, ba’zi masalalar o‘rganish uchun nazoratga olindi.