85 nafar soliqchi nega ishdan bo‘shatilgan?
Viloyat Kengashining o‘ttiz to‘qqizinchi sessiyasida viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i A.Inog‘omovning ma’lum qilishicha, viloyatda soliq organlarida ishlovchi 85 ta shtat birligi qisqartirilgan.
Ya’ni, Prezidentimizning 2020 yil 30 oktyabrdagi farmoni bilan soliq organlarining ma’lumotlarni qayta ishlash markazini modernizatsiya qilish uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratilishi hamda sohada axborot texnologiyalarni keng joriy qilishi hisobiga 10 foiz shtat birligi (Samarqandda 85 ta shtat birligi) qisqartirildi.
Jahon tajribasidan kelib chiqib, viloyatimizdagi qariyb 8,5 mingta qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilarning ma’murchiligi 2020 yilning 1 avgustida hududiy davlat soliq inspeksiyalaridan davlat soliq boshqarmasiga o‘tkazildi. Bugungi kunda QQS to‘lovchilari soni 12 mingtadan oshdi. Qo‘shilgan qiymat solig‘idagi ortiqcha to‘lov hisobidan korxonalarning bankdagi hisobvaraqlariga 269 holatda 320,5 milliard so‘m miqdorda mablag‘ (shundan umumiy tartibda 215 holatda 277,9 milliard so‘m va tezlashtirilgan tartibda (eksportyorlarga) 54 holatda 42,5 milliard so‘m) qaytarildi.