Jomboylik soliqchi tadbirkorning pulini bermasdan soxta ma’lumotlar asosida uni ma’muriy javobgarlikka tortgan
Holat yuzasidan soliqchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Tadbirkorlarning faoliyatiga noqonuniy aralashish hamda ularni noqonuniy tekshirilishiga qarshi keskin choralar ko‘rilayotgan bo‘lishiga qaramasdan, aslida tadbirkorga ko‘makchi bo‘lishi lozim bo‘lgan soliq organlari tomonidan ularga amaliy yordam berish o‘rniga, faoliyatiga noqonuniy aralashish holatlari davom etib kelmoqda.
Misol uchun, Jomboy tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i 2020 yil mart oyida tumandagi mas’uliyati cheklangan jamiyatidan mebel jihozlari olib, pullarining bir qismini bermagan. Shu sababli, jamiyat rahbari yuqori tashkilotlarga ariza bilan murojaat qilgan. Buning uchun qasd olish maqsadida DSI boshlig‘i soxta ma’lumotlar asosida jamiyatda sayyor tekshiruv o‘tkazib, uning rahbarini ma’muriy javobgarlikka tortgan.
Holat yuzasidan 2021 yil 30 yanvar kuni jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, viloyat prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Umuman, faoliyatida yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklari uchun 2020 yilda viloyat davlat soliq xizmati organlarining 458 nafar xodimlariga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan. Viloyat hamda hududiy davlat soliq inspeksiyalari xodimlarining harakatlari yuzasidan tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan qilingan murojaatlar asosida 15 marta xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan.
Xususan, Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shahar, Payariq, Paxtachi, Bulung‘ur, Narpay, Jomboy tumani davlat soliq inspeksiyalari xodimlariga nisbatan 1 tadan, Oqdaryo, Urgut, Samarqand tumani davlat soliq inspeksiyalari hamda viloyat boshqarmasi xodimlariga nisbatan 2 tadan murojaat kelib tushgan.
2020 yilda viloyat prokuraturasi organlari tomonidan soliq idoralarining noqonuniy hujjatlariga 21 ta protest keltirilgan. Shuningdek, 25 ta taqdimnoma kiritilib, 3 nafar soliq xodimi ma’muriy, 18 nafari intizomiy javobgarlikka tortilgan.
O‘tkir Mamatqulov,
viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i.