Tadbirkor soliq sohasidagi yangiliklardan nechog‘li xabardor?
Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 16 mart kuni Davlat soliq qo‘mitasiga tashrifi chog‘ida tizimni raqamlashtirish, soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini yuksaltirish, “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida tadbirkorlik sub’yektlari bilan bevosita muloqot qilish, ular duch kelayotgan muammolarni o‘rganish yuzasidan bir qator topshiriqlar bergan edi.
Prezidentimizning mazkur topshirig‘i yuzasidan Davlat soliq qo‘mitasi rahbariyati, hududiy davlat soliq organlari mas’ullari ishtirokida tadbirkorlar bilan bevosita uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Jumladan, Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri va Samarqand shahridagi yoshlar markazida Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil o‘rinbosari Jamshid O‘runov, viloyat davlat soliq boshqarmasi mas’ullari ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazildi.
Uchrashuvlarda joriy yilda soliq qonunchiligiga kiritilgan yangilik va o‘zgartishlar, sohani raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida olib borilayotgan ishlar xususida batafsil so‘z yuritildi.
Eng muhimi, tadbirkorlarning onlayn nazorat-kassa mashinalari, qo‘shilgan qiymat solig‘i, yer va mol-mulk soliqlari va boshqa bir qator masalalar bo‘yicha savollariga atroflicha javob qaytarildi. Shuningdek, ishtirokchilar o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi, ayrim tadbirkorlarning muammolari joyida hal etildi.
Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.