Soliqdan qarzdor sub’yektlarning transport vositalari, bino-inshootlari, boshqa mol-mulklari xatlovga olindi
Samarqand viloyati soliq boshqarmasining coliq qarzlarini undirishni tashkil qilish bo‘limi tomonidan soliq qarzdorligi yuqori bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlarida xatlov tadbirlari olib borilyapti.
O‘tkazilgan tadbirlar natijasida viloyat bo‘yicha tadbirkorlik sub’yektlarining soliq qarzdorligi hisobiga yil boshidan buyon 186,1 milliard so‘m, shuningdek joriy yil iyun oyining dastlabki 15 kuni davomida 13,3 milliard so‘m miqdoridagi soliq to‘lovlari amalga oshirilgan.
Shuningdek, iyun oyi o‘tgan davri mobaynida qarzdorligi mavjud bo‘lgan 207 ta sub’yektning 175,3 milliard so‘m qiymatdagi transport vositalari, bino-inshootlari va boshqa mol-mulklari xatlovga olingan.
Xususan, Urgut tumanida o‘tkazilgan tadbirda 336 million so‘m qarzdorlik yuzaga kelgan "Urgut ko‘rkam textil" korxonasining noturar binosi;
Samarqand shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan “Samarqandyo‘lovchitrans” MChJning 177,8 million so‘m soliq qarzi uchun noturar binosi;
Samarqand shahrida joylashgan "MESE YO‘L" MChJning 56,4 million so‘m soliq qarzi uchun “Kamaz” rusumli avtotransportlari soliq organlarining qarori asosida xatlandi.