Ortiqcha undirilgan soliqlar adliya aralashuvi bilan yechim topdi

Fuqaroga soliq inspeksiyasi tomonidan qo‘shimcha soliq to‘lovi qo‘llanildi. U bundan norozi bo‘lib, adliyaga murojaat qildi.

Jomboy tumani adliya bo‘limiga kelib tushgan yana bir murojaat shu mazmunda. Ma’lum bo‘lishicha, tuman hokimining 2019 yil 18 apreldagi 1394-Q-sonli qarori bilan fuqaro T.S.ga “Dehqonobod” mahallasida joylashgan yakka tartibdagi uy-joyining 0,1066 ga. yer uchastkasidan 0,06 ga. maydoniga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi bilan foydalanishga, qolgan 0,0466 ga. yer uchastkasiga vaqtincha foydalanishga berilib, soliq to‘lovlarini to‘lash majburiyati yuklatilgan.

Biroq, kadastr organi tomonidan 0,1066 ga. yer uchastkasining 0,06 ga. qismi fuqaro T.S.ga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida, biriktirib berilgan 0,0466 ga. yer uchastkasi esa o‘zboshimchalik bilan qo‘shib olingan yer maydoni sifatida kadastr hujjatlari rasmiylashtirilgan va davlat ro‘yxatidan shu asosda o‘tkazilgan.

Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 29 dekabrdagi 1060-son qarori bilan tasdiqlangan “Ko‘chmas mulk ob’yektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 21-bandi uchinchi xatboshisida yer uchastkasiga doimiy egalik qilish, doimiy va muddatli (vaqtincha) foydalanish huquqini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun joylardagi davlat hokimiyati organlarining muayyan yuridik va jismoniy shaxsga yer uchastkasi berish to‘g‘risidagi, o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarori, “E-AUKSION” elektron savdo platformasida o‘tkazilgan elektron auksion natijalari haqida bayonnoma asosida yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarning vujudga kelishi ro‘yxatdan o‘tkazilishi belgilangan.

Soliq kodeksining 437-moddasi to‘qqizinchi qismiga muvofiq, fuqaro T.S.ga biriktirib berilgan 0,0466 ga. yer uchastkasidan hujjatlarsiz yoxud yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatilganidan kattaroq hajmda foydalanilganligi sababli soliq stavkasi belgilangan soliq stavkalarining uch baravari miqdorida hisoblangan hamda 507 991,06 so‘m ortiqcha soliq to‘lovi undirilgan.

Jomboy tumani adliya bo‘limi tomonidan Davlat kadastrlar palatasi tuman filialiga kiritilgan taqdimnoma asosida fuqaroning muammosi qonuniy yechim topdi va o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasi sifatida kiritilgan 0,0466 ga. yer uchastkasi bilan bog‘liq holat bartaraf etilib, kadastr pasportining mazkur qismi qonunchilikka muvofiqlashtirildi.

Shuningdek, adliya bo‘limi tomonidan tuman davlat soliq inspeksiyasiga kiritilgan taqdimnoma asosida 2020-2022 yillar davomida fuqaro T.S.dan yer solig‘i sifatida undirilgan soliq to‘lovlarini soliq bo‘yicha kelgusi to‘lovlar uchun hisobga olindi.