2025 yilda mol-mulk solig‘ida qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?

Bu haqda viloyat soliq boshqarmasi davlat soliq bosh inspektori Bekzod Soliyev ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, yuridik va jismoniy shaxslarning noturar ob’yektlari bo‘yicha mol-mulk solig‘ining asosiy stavkasini 1,5 foiz miqdorida saqlab qolgan holda soliq bazasini aniqlashdagi 1 kvadrat metr uchun o‘rnatilgan minimal qiymat quyidagicha belgilanmoqda:

Toshkent shahri uchun – 3,3 million so‘m (amalda 3 million so‘m), Nukus shahri va viloyat markazlari uchun – 2,2 million so‘m (amalda 2 million so‘m) boshqa joylar uchun – 1,3 million so‘m (amalda 1,2 million so‘m).

Soliq kodeksining 422-moddasiga o‘zgartirishlar kiritish orqali jismoniy shaxslarning turarjoy ob’yektlari bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i stavkalari 10 foizga indeksatsiya qilingan holda quyidagicha belgilanmoqda:

respublika bo‘yicha joylashgan, umumiy maydoni 200 kvadrat metrgacha bo‘lgan uy-joylar va kvartiralar, dala hovli imoratlari uchun – 0,34 foiz;

shaharlarda joylashgan, uy-joylar va kvartiralar, dala hovli imoratlari uchun:

– 200 kv/m.dan ortiq va 500 kv m gacha bo‘lganlar uchun – 0,45 foiz;

– 500 kv/m.dan ortiq bo‘lganlar uchun – 0,6 foiz.

boshqa aholi punktlarida joylashgan, umumiy maydoni 200 kv metrdan ortiq bo‘lgan uy-joylar va kvartiralar, dala hovli imoratlari uchun – 0,45 foiz etib belgilanmoqda.