Jismoniy shaxslar qurilishi tugallanmagan noturar ob’yektlar uchun mol-mulk solig‘i to‘laydimi?
- Qurilishi tugallanmagan yashash uchun mo‘ljallanmagan ob’yektlar jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘ining soliq solish ob’yekti hisoblanadi.
Qurilishi tugallanmagan yashash uchun mo‘ljallanmagan obektlarga ushbu ob’yektni qurishga doir loyiha-smeta hujjatlarida belgilangan normativ muddatda qurilishi tugallanmagan ob’yektlar, agar qurilishning normativ muddati belgilanmagan bo‘lsa, ushbu ob’yektning qurilishiga vakolatli bo‘lgan organning ruxsatnomasi olingan oydan e’tiboran 24 oy ichida qurilishi tugallanmagan ob’yektlarga kiradi.
Soliq solish ob’yektlarining kadastr qiymati ko‘chmas mulkning soliq bazasi hisoblanadi. Soliqni hisoblab chiqarish maqsadida soliq bazasi 42 million so‘mdan kam bo‘lishi mumkin emas.
Soliq solish ob’yektining bahosi mavjud bo‘lmagan taqdirda, mol-mulkning shartli qiymati quyidagicha hisoblanadi:
- Toshkent va Nukus shaharlarida, shuningdek, viloyat markazlarida yuqorida ko‘rsatilgan summaning 5 baravari miqdorida (5 x 42 million so‘m = 210 million so‘m);
- boshqa shaharlarda va qishloq joylarda — 2 baravari (2 x 42 million so‘m = 84 mln so‘m).
Normativ muddatda qurilishi tugallanmagan yashash uchun mo‘ljallanmagan ob’yektlarga nisbatan soliq stavkasi 3 foiz miqdorida belgilanadi.
Savolga viloyat Davlat soliq boshqarmasi shu’ba boshlig‘i Bekzod SALIYeV javob berdi.
***
Ushbu maqola xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.