Tegishli hujjati bo‘lmagan fuqarolardan uy-joy solig‘ini uch barobar undirish to‘xtatilishi mumkin
Adliya vazirligi matbuot xizmati bergan xabarga ko‘ra, fuqarolardan uy-joy solig‘ini uch karra undirish to‘xtatiladi. Hozirda qonunchilikka muvofiq yer uchastkalaridan hujjatlarsiz yoxud yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatilganidan kattaroq hajmda foydalanib kelayotgan fuqarolardan belgilangan soliq stavkalarining uch baravari miqdorida undirish belgilangan.
Adliya vazirligi tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 483-moddasiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida» qonun loyihasi ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Unga ko‘ra, 2020 yil 1 yanvardan 2023 yil 1 iyungacha bo‘lgan davrda jismoniy shaxslardan, ya’ni yer uchastkalaridan hujjatlarsiz yoxud yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatilganidan kattaroq hajmda foydalanib kelayotgan fuqarolardan soliq stavkalarining uch baravari miqdoridagi soliqlarni (Soliq kodeksining 437-moddasi to‘qqizinchi qismi) undirmaslik nazarda tutilmoqda.
2020 yil 1 yanvardan bugungi kunga qadar fuqarolar tomonidan soliq stavkalarining uch baravari miqdoridagi soliqlarni to‘lab kelayotgan bo‘lsa, keyinchalik to‘langan soliq summalari Soliq kodeksiga muvofiq qayta hisob-kitob qilinishi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, yer uchastkalaridan hujjatlarsiz yoki mavjud hujjatlarda ko‘rsatilganidan kattaroq hajmda foydalanib kelayotgan fuqarolardan soliq undiruvi endilikda Soliq kodeksining 437-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan umumiy tartibda amalga oshirilishi nazarda tutilgan.