Tadbirkorga “Nol” xarid qiymatida bino berildi, natija qanday bo‘ldi?
Hozirda Samarqand viloyati bo‘yicha 50 dan ortiq bo‘sh turgan ob’yekt investitsiya majburiyati bilan tadbirkorlarga berilgan va ushbu ob’yektlarga 80 milliard so‘m hamda 239,7 million dollar sarmoya kiritish va 3500 dan ortiq ish o‘rni yaratish vazifasi qo‘yilgan.
Yil yakunlari bilan mazkur ob’yektlarga 55 milliard so‘mdan ziyod sarmoya kiritilib, 35 ta ob’yekt to‘liq ishga tushdi. Natijada 500 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan Oqdaryo tumanidagi ishga tushgan ob’yektlar faoliyati bilan tanishish maqsadida tashkil etilgan press-turda shu haqda ma’lumot berildi.
- Oqdaryo tumani Dahbed shaharchasidagi sobiq Samarqand agroiqtisodiyot kollejining bo‘sh turgan bino va inshootlarini investitsiya majburiyatlarini qabul qilish sharti bilan “nol” xarid qiymatida “ASR IMKON TEXTILE” MChJga sotilgandi, - deydi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Salohiddin Sultonov. – Jamiyat tomonidan ob’yektga 2022 yil 1 aprelgacha 1 million 558 ming AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritib, tikuvchilik sexini tashkil etish orqali 300 ta yangi ish o‘rni yaratish majburiyati berilgan. Hozirda bino inshootlar qayta ta’mirlanib, loyihaning birinchi bosqichi ishga tushirilishi hisobiga 200 nafardan ortiq "daftar"larda turuvchi fuqarolarning bandligi ta’minlandi.
Mazkur korxonada Germaniya, Turkiya, Italiyadan keltirilgan zamonaviy uskunalar yordamidan yiliga 1 million donadan ortiq tayyor trikotaj mahsulotlar tayyorlanadi va mahsulotning 70 foizi xorijga eksport qilinmoqda.
Yangiobod mahallasida ko‘p yillar avval qurilgan “Mehmonxona-muzey” binosi xaroba holga kelib qolgandi. Tadbirkor Zayniddin Otaboyev “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasi orqali investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar evaziga sotib olib, suratxona, videoxizmatlar va tikuvchilik faoliyatini tashkil etdi. Tadbirkor ushbu ob’yektga 150 million so‘m miqdorida sarmoya kiritib, 5 nafar fuqaroni ish bilan ta’minladi.
O‘ktam Xudoyberdiyev.