Soliqchi qarzdorlikni undirish o‘rniga uni yo‘q qilish uchun tadbirkordan pul talab qilgan

Oqdaryo tumanida yer va mulk solig‘i uchun yig‘ib olingan 55,9 million so‘m naqd pul o‘zlashtirib yuborilgan.

Davlat soliq siyosati va byudjet tushumiga mas’ul idora – soliq xizmati organlarini, afsuski, korrupsiyadan xoli deb ayta olmaymiz.

Masalan, Past Darg‘om tumani davlat soliq inspeksiyasi xodimi xizmat mavqeidan foydalanib, mulkiy naf ko‘rish maqsadida fermer xo‘jaligining 2,7 million so‘mlik soliq to‘lovlaridan qarzdorligini yo‘q qilib berishi evaziga 1,5 million so‘m pullarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan vaqtda qo‘lga olingan.

Viloyat bo‘yicha 4,2 milliard so‘mlik qo‘shimcha manbalar soliq bazasiga qamrab olinmagan. Jumladan, Samarqand shahri va Oqdaryo tumanida 1,1 milliard, Kattaqo‘rg‘on tumanida 980 million, Ishtixonda 602 million, Payariqda 107 million, Past Darg‘omda 157 million, Narpayda 46 million va Kattaqo‘rg‘on shahrida 5,8 million so‘mlik soliq hisoblanishi va undirilishi mumkin bo‘lgan ob’yektlar ro‘yxatga olinmagan.

Vazifasini lozim darajada bajarmagan sohadagi ayrim xodimlar yuzaga kelgan vaziyatdan o‘z manfaati yo‘lida foydalanishga harakat qilgan.

Masalan, Payariq tumani davlat soliq inspeksiyasi mutaxassisi fuqaroga tegishli bazmgoh faoliyatiga rahnamolik qilishi evaziga 500 ming so‘m pul mablag‘larini talab qilib, jinoiy sherigi orqali olgan vaqtida ushlangan.

Bundan tashqari, Oqdaryo tumani davlat soliq inspeksiyasining 6 nafar xodimi o‘zlariga biriktirilgan hududlarda yashovchi fuqarolardan 263 holatda 55,9 million so‘m pullarni yer va mulk solig‘i sifatida qabul qilgan. Biroq bu mablag‘larni belgilangan tartibda tijorat banklariga yoki davlat soliq inspeksiyasi g‘aznasiga topshirmasdan o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.

Holat yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi departamentning viloyat boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Pandemiya munosabati bilan berilgan imtiyozlar ham to‘liq qo‘llanmasdan 50 ta sub’yektga qo‘yilgan 12,3 million so‘mlik inkasso topshiriqnomalari chaqirib olinmagan. Nurobod, Kattaqo‘rg‘on, Past Darg‘om, Paxtachi va Toyloq tumanlaridagi bu holat uchun tuman davlat soliq inspeksiyalarining mas’ul shaxslariga nisbatan ma’muriy ishlar qo‘zg‘atilgan.

Zafar Hamdamov,

viloyat prokuraturasi uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi AMIB katta tergovchisi.