Iqtisodiy sudlar qanday asosda da’voni qaytaryapti?

Toyloq tumanlararo iqtisodiy sudi 2021 yil mobaynida 35 ta da’vo arizani qabul qilishni rad etgan, 287 ta da’vo ariza qaytarilgan. Buning sabablari nimada?

Sudning asosiy vazifasi fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va boshqa qonunlari, xalqaro shartnomalarida, shuningdek inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro hujjatlarda kafolatlangan huquqlari hamda erkinliklarini, davlat va jamoat manfaatlarini, yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishdan iborat.

Jumladan, iqtisodiy sudlarga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan da’vo ariza (ariza) bilan murojaat qilishda zaruriy qonun talablariga amal qilish ham lozim bo‘ladi. Belgilangan me’yorlarga rioya qilingan holda sudga kiritilgan da’vo arizalar sud tomonidan ko‘rib chiqladi. Qonunchilikda belgilangan talablarga rioya qilmaslik esa O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi(IPK)ning 154-moddasiga asosan da’vo arizani ish yuritishga qabul qilishning rad etilishiga yoki 155-moddasiga asosan da’vo arizaning qaytarilishiga sabab bo‘ladi.

Holatni Toyloq tumanlararo iqtisodiy sudi misolida ko‘rib chiqamiz.

Xato va kamchiliklar bilan berilganligi sababli 2021 yil mobaynida 35 ta da’vo arizani qabul qilish rad etilgan, 287 ta da’vo ariza esa qaytarilgan.

Tabiiyki, da’vo arizada muayyan xato va kamchiliklar bo‘lmas ekan, ular sud tomonidan da’vogarlar (arizachi)ga qaytarib jo‘natilmaydi.

Xo‘sh, unda iqtisodiy sudlarga berilayotgan da’vo arizalarda qanday kamchiliklar ko‘proq uchramoqda?

Birinchi holat: IPKning 155-moddasi 1-qismi 5-bandi - javobgar va uchinchi shaxslarga da’vo arizasining va unga ilova qilingan hujjatlarning ko‘chirma nusxalari yuborilganligini tasdiqlovchi dalillar taqdim etilmaganligi.

Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, da’vogarlar (arizachilar) yoxud ularning manfaatini ko‘zlab iqtisodiy sudga murojaat qilayotgan shaxslar tomonidan da’vo arizasining va unga ilova qilinadigan hujjatlarning ko‘chirma nusxalari javobgarga va uchinchi shaxslarga yuborilmasdan sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilish holatlari uchraydi. Vaholanki, IPK 150-moddasiga asosan da’vo arizasining va unga ilova qilinadigan hujjatlarning ko‘chirma nusxalari javobgarga va uchinchi shaxslarga ham yuborilishi kerak. Bunday talab fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga murojaat qilishda mavjud emas, fuqaro va tadbirkorlar tomonidan iqtisodiy sudlarga murojaat qilishda ushbu tafovut borligiga e’tibor qaratilmayapti.

Ikkinchi holat: IPKning 155-moddasi 1-qismi 2-bandi - da’vo arizasi imzolanmagan bo‘lsa yoki uni imzolash huquqiga ega bo‘lmagan shaxs yoxud mansab mavqei yoki familiyasi, ismi, otasining ismi ko‘rsatilmagan shaxs tomonidan imzolanganligi.

Bu ham da’vo ariza bilan murojaat qilishda yo‘l qo‘yilayotgan aksariyat xatoliklardan biridir. Bunda, da’vo arizaga imzo chekishga da’vogar sub’yektning rahbari yoxud rahbar tomonidan qonunda belgilangan tartibda vakolat berilgan shaxs yoxud da’vogar, agar, yuridik shaxs bo‘lsa, uning ta’sis hujjatida uning nomidan hujjatlarni imzolash vakolati berilgan shaxs vakolatli bo‘ladi. Masalan, “A” korxonaning nomidan da’vo arizaga uning rahbari yoki shu rahbar tomonidan ishonchnomada da’vo arizani imzolash vakolati berilgan shu korxonada rasman faoliyat yuritadigan tegishli shaxs o‘z mansab-mavqei, lavozimi, familiyasi, ismi, otasining ismini ko‘rsatgan holda imzo chekishi mumkin bo‘ladi. IPKning mazkur talabiga rioya qilinmagan holda berilgan da’vo arizalari esa qaytariladi.

 Amaliyotda imzo chekilmagan holda da’vo ariza bilan murojaat qilinishi, garchi, kam bo‘lsa-da, uchrab turadi. Shuningdek, ayrim hollarda, da’vo arizaga rahbarning shaxs, mansab mavqei, familiyasi, ismi, otasining ismi ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, imzo chekish vakolatiga ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan imzo chekilgan holda, turli belgilar chizib, masalan, chiziqcha tortilib, imzo qo‘yilishi holatlari ham uchraydi. Ammo bu ham qonun jihatidan noto‘g‘ri. Da’vo ariza shaxsi, mansab mavqei, familiyasi, ismi, otasining ismi ko‘rsatilgan shaxsning o‘zi tomonidan imzolanishi lozim.

Uchinchi holat: IPKning 155-moddasi 1-qismi 6-bandi - davlat boji va pochta xarajatlari belgilangan tartibda hamda miqdorda to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilmagan bo‘lsa yoki iltimosnoma mavjud bo‘lmasa yoxud iltimosnoma rad etilgan bo‘lsa.

Albatta, iqtisodiy sudlarga da’vo ariza bilan murojaat qilishda, shuningdek, sud hujjatlarining dublikatlarini hamda taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning iltimosiga ko‘ra iqtisodiy sud tomonidan ishlardan boshqa hujjatlarning ko‘chirma nusxalarini berganlik uchun “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunida belgilangan me’yorlar bo‘yicha davlat boji to‘lanadi. Da’vo arizalar bilan murojaat qilishda belgilangan miqdorda pochta xarajatlari ham to‘lanadi. Qayd etish lozimki, turli davlat idora va tashkilotlariga, jumladan, sudlarga murojaat qilishda davlat boji to‘lashdan ozod qilinadigan shaxslar ham mavjud bo‘lib, ular haqidagi ma’lumotlar barchasi qonunda ko‘rsatib o‘tilgan (https://lex.uz/uz/docs/4680944).

Ammo da’vo ariza bilan murojaat qilishda ushbu qoidalarga ham rioya qilmaslik holatlari ko‘p uchramoqda.

 To‘rtinchi holat: IPKning 155-moddasi 1-qismi 10-bandi - da’vo arizasini ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risida ajrim chiqarilguniga qadar uni qaytarib olish to‘g‘risida ariza kelib tushgan bo‘lsa.

Bu holatda, da’vo ariza aynan da’vogar tarafning xohish-irodasi o‘laroq sud tomonidan qaytariladi. Amaliyot ko‘rsatadiki, da’vo ariza berilgach, uni qaytarib olish uchun asosan ikki xil sababdan biri yuz beradi: da’vo ariza turli kamchiliklar bilan berilganligini da’vogar tushunib yetgan yoki da’vogar va javobgar o‘zaro kelishuv choralarini ko‘rishgan bo‘ladi.

Beshinchi holat: IPKning 155-moddasi 1-qismi 7-bandi - nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibiga rioya etilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni da’vogar taqdim etmagan bo‘lsa.

Bu muammo ham da’vo ariza kiritishda murojaatchilar tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan jiddiy kamchiliklardandir. Chunki, agar qonunda yoki shartnomada nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) talabi belgilab qo‘yilgan bo‘lsa, o‘zaro huquqiy munosabatga kirishgan taraflar ushbu normaga rioya qilishga majburdirlar.

Mana shu holatlar bugungi kunda da’vogarlar tomonidan iqtisodiy sudga da’vo ariza bilan murojaat qilishda eng ko‘p yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklardan edi.

Fuqarolar sarson bo‘lishining oldini olish maqsadida aynan sud hokimiyatining tashabbusi bilan da’vo arizalarni qaytarish va qabul qilishni rad qilishga sabab bo‘luvchi ayrim muammolarga barham berish choralari ko‘rilmoqda.

2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturining 15- va 18-maqsadlari bevosita sud hokimiyati va sud organlari qarorlarini ijro qilish masalalariga daxldor hisoblanadi. Bunda, sudlar tizimida «yagona darcha» tamoyilini keng joriy etish maqsadida arizalarni sudga taalluqliligidan qat’iy nazar qabul qilish va vakolatli sudga yuborish hamda muayyan ish doirasida barcha huquqiy oqibatlarni hal qilishni ta’minlash tizimini joriy etish ko‘zlangan.

Ya’ni, masalan, siz da’vo arizani fuqarolik ishlari bo‘yicha (iqtisodiy) sudga taqdim qilmoqchisiz. Ammo bu da’vo ariza, aslida iqtisodiy (fuqarolik ishlari bo‘yicha) sudga taalluqli ekanligini bilmaysiz. Bu holatda, fuqarolik ishlari bo‘yicha (iqtisodiy) sud sizning da’vo arizangizni, bizga taalluqli emas, degan vaj bilan qabul qilmasligi mumkin emas. O‘rnatiladigan yangi tartibga muvofiq, fuqarolik ishlari bo‘yicha (iqtisodiy) sud qabul qilib olingan da’vo arizani vakolatli sudga – iqtisodiy (fuqarolik ishlari bo‘yicha) sudga yuborishi kerak bo‘ladi. Bundan ko‘zlangan maqsad – murojaatchilarning o‘z huquq va manfaatlarini sudlar tomonidan yanada samaraliroq himoya qilinishiga sharoit yaratib berish, ularning vaqtini tejashdir.

Albatta, bu tartib shunchaki yuzaga kelib qolmaydi. Davlat dasturiga muvofiq 2022 yilning avgust oyiga qadar tegishli qonun loyihasi ishlab chiqilishi belgilangan.

O‘ktam Murodov,

Tayloq tumanlararo iqtisodiy sudi raisi.