Salomatlik – ijod unumining muhim omili

Viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan 27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan jurnalistlar, blogerlar, ijodkorlar hamda media sohasi vakillari uchun 25-26 iyun kunlari chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Tibbiy ko‘rik Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand viloyat mintaqaviy filialida yuqori malakali shifokorlar ishtirokida o‘tkazilmoqda. Unda ishtirokchilar kardiolog, nevropatolog, endokrinolog, oftalmolog va boshqa tor doiradagi mutaxassislar ko‘rigidan o‘tib, salomatlik holatini aniqlashga qaratilgan zamonaviy tashxis tekshiruvlaridan foydalanmoqda.

– Kishiga avvalo sog‘lik kerak, – deydi jurnalist Dilmurod To‘xtayev. – Har qanday kasb egasi, xususan, ijodkorlar ham salomat bo‘lsa, mehnati unumli bo‘ladi, yangi g‘oyalar paydo bo‘ladi, ilhomi oshadi. Bugungi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik esa o‘z vaqtida salomatlikni nazorat qilish, ehtimoliy kasalliklarni erta aniqlash va ularning oldini olishda muhim ahamiyatga ega. Bu kabi xayrli tashabbuslar ijod ahli uchun katta g‘amxo‘rlik namunasidir.
Ta’kidlash joizki, mazkur tibbiy ko‘rik ommaviy axborot vositalari vakillari salomatligini mustahkamlash, kasalliklarning erta profilaktikasini ta’minlash hamda ularning samarali mehnat qilishi uchun munosib shart-sharoit yaratishga xizmat qiladi.

Navro‘zbek Ochilov,
Otabek Ubaydullayev (video).