Ayol sha’nini kim himoya qiladi?

Qariyb  olti ming nafar xotin-qizga himoya orderi berildi, deya e’lon qilingan raqam ortida shuncha xotin-qizlarning sha’ni, qadr-qimmati, ojizligiga (ayol jismonan ojiz) nisbatan zo‘ravonlik bor. Bu shuncha ayol himoyaga olindi, ularga o‘z vaqtida zarur yordam ko‘rsatildi, deganidir. Garchi himoya orderi berilishi yangicha tartib bo‘lsa-da, ammo u bilan bog‘liq raqamlar yildan yilga oshib bormoqda. Aslida bu raqamlarning oshishi ayolning o‘z huquqini talab etayotgani bilan, yillab bu haqda gapirilmaydi, mumkin emas, degan tamg‘alarni uzayotgani bilan bog‘liq. Chunki zo‘ravonlik yopig‘liq qozon yopig‘ligicha qolishi kerak, degan qadriyat emas. Ayolning mudom tahqirlanishi va buni ichiga yutishi o‘zbekchilik emas. Bu – jamiyatni katta bir muammolarga duchor etadigan og‘ir xastalik. Bugun nihoyat baralla aytilayotgan va jamiyat unga qarshi birgalikda kurashayotgan jiddiy xastalik.

- Shu yil boshidan boshlab viloyatda 5563 nafar xotin-qizga himoya orderlari berilgan bo‘lib, o‘tgan yili bu raqam 2782 tani tashkil etgan, - deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi jamoat xavfsizligi xizmati, huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi  boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Nigora Yodgorova. -Turli zo‘ravonlik, tazyiq va haqoratlardan jabrlangan xotin-qizlar soni 2762 nafarni tashkil etdi. Jabrlangan xotin-qizlar orasida eng ko‘pi 31-40 yoshlardagi ayollar sanaladi. Undan keyin 18-30 yoshlilar ham katta qismni tashkil etadi. Tabiiyki, himoya orderi berildi, degani bilan u ayol to‘la himoyaga olindi, degani emas. Asosiy faoliyat shundan keyin boshlanadi. Mahalla xotin-qizlar faoli, ijtimoiy xizmat xodimi bilan hamkorlikda himoya orderi berilgan ayolga zarur bo‘lgan yordamlar ko‘rsatiladi. Chunki oilaga kirish, ulardagi vaziyat bilan hisoblashishda mahalla faollarining o‘rni katta. Ba’zi oilalarga bir-ikki borib, masalani yotig‘i bilan tushuntirsangiz, misollar keltirsangiz, xatosini tan olib, oilasidagi vaziyat o‘zgarishi mumkin.

Shuning uchun himoya orderi berilishi natijasida 1206 oila yarashtirildi, 1350 ta oilada esa nizolar bartaraf etildi. Ammo shunday oilalar bo‘ladiki, ularga tushuntirish ishlarining foydasi yo‘q, xonadondagi muammolar keng jamoatchilik ishtirokida hal etilsa-da, ammo takror zo‘ravonlik holati qayd etiladi. Shuning uchun bu yil 119 nafar shaxsga esa ma’muriy va jinoiy javobgarlik masalasini belgilash bilan birgalikda rasmiylashtirilgan himoya orderlari berildi.

Tazyiq va zo‘ravonliklarning eng katta qismi – 2662 tasi oilada sodir bo‘lgan. Shuningdek, ko‘chada 125 ta, 20 tasi jamoat joyida, 11 tasi ta’lim muassasasida sodir bo‘lgan. Shuningdek, orderlarning 2195 tasi er-xotin o‘rtasidagi mojaro tufayli berilgan bo‘lsa, 128 tasi qaynona-kelin nizolari tufayli, 99 tasi qo‘shnilar tufayli, 276 tasi qarindoshlarga nisbatan, shuningdek, aka-singil, yigit-qiz o‘rtasidagi kelishmovchilik uchun berilgan.

Sodir etilgan zo‘ravonlik turlari haqida gap ketganda, ularning juda katta qismi, ya’ni 1587 tasi tazyiq hisoblanadi, shuningdek, 1082 tasi ruhiy zo‘ravonlik bo‘lsa, 557 tasi ta’qib etish bilan bog‘liq. Shuningdek, jismoniy, iqtisodiy zo‘ravonlik bo‘yicha holatlar ham mavjud.

Himoya orderi hatto bundan bir necha yil oldin bizga yot bo‘lgan tushuncha edi. Bugun bu himoya hujjati berilayotgan ayollar soni ortib bormoqda. Ortib borayotgani – muammo ko‘paydi, degani emas, aksincha, oiladagi, demakki, jamiyatdagi turli og‘ir vaziyatlarning oldini olishga xizmat qiladi.

-Tumanimizda ham himoya orderlari berilishi keskin ortgan, misol uchun, o‘tgan yili bu raqam 56 tani tashkil etgan bo‘lsa, bu yil 97 nafar xotin-qiz­larga bu hujjat berilgan, - deydi Narpay tuman ichki ishlar bo‘limi JXX HPB katta inspektori, katta leytenant Matluba Elomonova. – Buning o‘ziga xos sabablari bor. Himoya orderi tizimi birmuncha yangi bo‘lgani tufayli yildan yilga takomillashtirilmoqda. Misol uchun, ilgari turli tazyiq va zo‘ravonliklarga uchragan ayollar ichki ishlar tizimiga muro­jaat qilganda ularga himoya orderlari faqat xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlar tomonidan ajratilardi. Endilikda hududlardagi barcha profilaktika inspektorlari elektron tarzda joylarda xotin-qizlarga himoya orderlari berishi mumkin. Shuning uchun bunday orderlar berish yildan yilga oshib bormoqda. Qolaversa, ilgari bunday hujjat qancha ko‘p berilsa, o‘sha hududdagi mahalla xotin-qizlar faollari­ning ish faoliyati yetarlicha emas, deya baholanar, bu esa ularning oylik maoshlariga salbiy ta’sir ko‘rsatardi. Tabiiyki, bunday yondashuv aksincha, faollarning o‘z hududidagi salbiy holatlarni yashirishiga sabab bo‘lgan. Endilikda bunday yondashuvdan voz kechildi. Qolaversa, xotin-qizlarga yordam tizimi ham takomillashtirildi. Deylik, oiladagi jiddiy janjaldan so‘ng ayolga himoya orderi berilsa-da,  ammo u yana o‘sha yerda qolishga majbur bo‘lgan. Hozirda oiladagi muhit, vaziyatga qarab, shunday ayollar uchun tashkil etilgan maxsus ko‘mak xonalariga joylashtirish mumkin. Chunki bunday payti ayolning ruhan o‘zini tiklab olishi uchun vaqt kerak bo‘ladi. Ushbu ko‘mak xonalarida ayollar uch kun davomida ­yashab, tibbiy, ijtimoiy yordam olishlari mumkin. Agar oiladagi muam­molar juda chuqur va ularni hal etish uzoq muddat talab etadigan bo‘lsa,  orderi bor ayollar  uchun bir necha oy yashashi uchun hududlararo reabilitatsiya markazi mavjud.

Bu yildan boshlab 18 yoshgacha bo‘lgan barcha bolalarga ham himoya orderi berilishi ko‘zda tutilgan. Ota-onasi, vasiylari yoki qarindoshlari tomonidan zo‘ravonlik, tazyiqqa uchrayotgan barcha bolalar himoyaga olinadi.

Xotin-qizlarning bu kabi himoyasi ularning ham jinoyatga qo‘l urishining oldini oladi. Sababi, aynan zo‘ravonliklar natijasida ayollar tomonidan turli maishiy jinoyatlar sodir etish holatlari ko‘p uchrar edi. Misol uchun, tumanimizda shu yil xotin-qizlar o‘rtasida sodir etilgan jinoyatlar soni 34 foizga kamaydi.

Darvoqe, ichki ishlar bo‘limlarida aynan xotin-qizlar bilan ishlaydigan inspektorlar faoliyat yuritishi, mahallalardagi ijtimoiy xizmat xodimlari, mahalla xotin-qizlar faollarining ish yuklamasida ayollarni turli tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish bilan bog‘liq qator vazifalar ham kiritilgan. Bu esa ayol sha’ni, qadri bilan bog‘liq masalalar qonuniy asosda, aniq belgilangan tartib va qoidalar bilan amalga oshiriladi, deganidir.

Gulruh MO‘MINOVA.