Bosh prokuratura: Yosh bolani «Damas»da zanjirlab qo‘ygan shaxsga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Samarqandda yosh bola “Damas”da zanjirlab qo‘yilgani videosi tarqaldi.
Hodisa yuzasidan viloyat IIB axborot xizmati munosabat bildirib, viloyat IIB “102” operatoriga Samarqand shahar Gagarin ko‘chasida bir bola "Damas" mashinasida oyog‘i zanjir bilan kishanlangani to‘g‘risida xabar kelib tushganini ma’lum qildi. Aytilishicha, xabarga asosan hududga IIB xodimlari borib, holatni rasmiylashtirishgan.
“Hozirda ushbu holatni sodir etgan shaxsga nisbatan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Bolani Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirib, psixolog yordamida zaruriy ko‘maklar berish choralari ko‘rilmoqda”, deyiladi munosabatda.
Shuningdek, Bosh prokuratura axborot xizmati holat yuzasidan quyidagicha munosabat bildirdi:
“Samarqandda bolaga nisbatan zo‘ravonlik qilinganligi holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 138-moddasi (Zo‘rlik ishlatib, g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda ichki ishlar organlari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov jarayoni nazoratga olingan”.