O‘quvchini zanjirlab, “Damas”da olib yurgan erkak 4 yilga “kesildi”
Shu yilning mart oyida ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahrida yosh bola avtomashina ichida oyog‘idan zanjirlab qo‘yilgani aks etgan video tarqalgandi.
Voyaga yetmagan bolaga nisbatan qo‘llangan bunday g‘ayriinsoniy munosabat jamoatchilikning haqli e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Bu holat Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari tomonidan shaxsiy nazoratga olingandi.
Surishtiruvlar davomida jabrlanuvchi Paxtachi tumanidagi «Qalqon-jasorat» harbiy sport maktabining 6-sinfida o‘qishi, uni g‘ayriqonuniy tarzda kishanlab, avtomashinasida olib yurgan shaxs esa ushbu maktab o‘qituvchisi ekani aniqlangandi.
Shundan so‘ng holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 138-moddasi (Zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlangandi.
Yaqinda mazkur jinoyat ishi sudda ko‘rib chiqilib, qonunbuzarga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlandi. 13 yashar bolaga nisbatan zo‘ravonlik ishlatgan shaxs sud hukmi bilan 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.