Tramp Ukrainaga Amerika qurollaridan foydalanib, Rossiya hududiga zarba berishga rozilik bildirdi

Bu haqda uning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog ma’lum qildi. Mazkur qaror Kiyev uchun yangi bosqich sifatida baholanmoqda. Avval G‘arb Moskva bilan to‘qnashuvdan qochish uchun Rossiya ichkarisiga zarbalarga ehtiyotkorlik bilan yondashgan edi. Endi esa Vashingtonning pozitsiyasi o‘zgarib, Ukrainaga strategik hujum imkoniyatini ochib bermoqda.

Tahlilchilar fikricha, bu qadam Ukrainaga Rossiya logistikasi va harbiy infratuzilmasini izdan chiqarish imkonini berishi mumkin. Biroq u urushni yanada keskinlashtirib, Moskva va Vashington munosabatlarini jiddiy sinovga qo‘yadi.

Yevropada bu qarorga turlicha munosabat bildirilmoqda. Ayrim davlatlar Kiyevni qo‘llab-quvvatlasa-da, urushning kengayishi xavfi ularni xavotirga solmoqda. Xususan, Germaniya va Fransiya diplomatik yechim zarurligini qayta ta’kidladi.

Moskva esa buni AQShning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etishi deb baholashi va javob choralari haqida ogohlantirishi mumkin. Rossiya rasmiylari avval ham G‘arb qurollari bilan Rossiya hududiga berilgan har qanday zarbani «qizil chiziqdan o‘tish» deb atagan edi.

Rossiya Ukrainaga yirik hujum uyushtirib, 595 ta dron va 48 ta raketadan foydalandi. Zarbalar Kiyev va boshqa hududlarga qaratilgan. Aviahujumlar natijasida kamida 4 kishi halok bo‘ldi, ular orasida 12 yoshli qizaloq ham bor. O‘nlab odamlar yaralandi. Zarbalardan turar-joylar, shifoxonalar, sanoat inshootlari va energetika ob’yektlari zarar ko‘rdi.

Ukraina o‘z navbatida Rossiya ichidagi ob’yektlarga, jumladan neftni qayta ishlash zavodlari va infratuzilmaga zarbalarni kuchaytirmoqda.

Moskva oblastida dron qulashi oqibatida ikki kishi halok bo‘lgani aytilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, qulagan dron uy-joylarga zarar yetkazgan.