Madam Tyusso o‘limdan qanday qutulib qolgan edi?

1761-1850 yillarda Fransiyada tug‘ilib o‘sgan, keyin Londonda yashagan mashhur haykaltarosh Anna Mariya Tyusso mumdan tayyorlagan haykallari bilan mashhur.

Ilk haykalini to‘rt yoshida yasagan. Keyin Buyuk Britaniya qiroli saroyida haykaltarosh sifatida faoliyat yuritgan.
Madam Tyusso nomi bilan tanilgan ijodkor inson ruhiyatini yaratish uchun turli davra va joylarda, hatto jang maydonlari hamda turmalarda bo‘lgan va mumdan jonli siymolar yaratgan. Qirol xonadonidagi kiyim va buyumlar ham e’tibordan chetda qolmagan. Ma’lumotlarga qaraganda, bu haykaltarosh yasagan asarlardan iborat meros besh marta yong‘in va zambarak o‘qidan vayron bo‘lgan.

Buyuk Britaniyadagi inqilob paytida uni Qirol oilasi yaqini sifatida qatl qilishmoqchi bo‘lishgan. Faqat inqilobchilarning bir sharti uni o‘limdan asrab qolgan. Tusso qirolning qatl etilgan qarindoshlari va inqilobchilar siymosini mumdan qoyilmaqom qilib yasab bergan va tirik qolgan.
Tyussoning asl muzeyi Amsterdamda joylashgan.

Londondagi Madam Tyusso muzeyiga 1835 yilda asos solingan. 2020 yilda qayta qurilib, zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘lgan. Muzeyga kirishda o‘zining haykali o‘rnatilgan. Bugun turli davlatlarda muzeyning 24 ta filiali ishlab turibdi.

Ushbu muzeyda mashhur "Bittlz" guruhidan tortib Maykl Jekson, Charli Chaplin va Merilin Monrolarni “uchratishingiz mumkin”. Shuningdek, turli davlatlarning mashhur rahbarlari, siyosatchilari bilan ham shu yerda “ko‘rishish” imkoni bor.

Haykallarga tegish mumkin emas, ammo ular yonida bemalol suratga tushsa bo‘ladi. Qizig‘i shundaki, mum haykallar jonsiz bo‘lsa-da, ularga o‘sha mashhur insonlar foydalangan liboslar kiygizilgan.
Ekranlardagidan ham ko‘ra haqiqiyroq ushbu haykalning bittasini yasash uchun olti oygacha vaqt zarur ekan, ulardan har birining o‘rtacha hozirgi bahosi 150-200 ming dollar atrofida.

Farmon Toshev.
Buyuk Britaniya. London shahri.