Temuriylar me’morchiligining bebaho durdonasi Samarqandda namoyish etilmoqda

Sohibqiron Amir Temur rahbarligi va homiyligida bunyod etilgan Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasi Turkiston shahridagi o‘rta asr me’morchiligining ajoyib yodgorligidir.

Turkiy shoir, so‘fiylik tariqatining asoschisi Ahmad Yassaviy qabrida qad rostlagan maqbara YuNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Qozog‘istondagi birinchi ob’yekt.

Sohibqiron tavalludining 690 yilligi munosabati bilan Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasida tashkil “Samoviy koshinlar siri” ko‘rgazmasida Amir Temur davri me’morchiligining yorqin namunasi va Markaziy Osiyoning ma’naviy-madaniy an’analarini ifodalaydigan yodgorlikning epigrafik bezaklari va noyob eksponatlar namoyish etildi.

Ko‘rgazma ochilishida Qozog‘istonning Samarqanddagi Bosh konsuli Talgat Sharipov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev hamda qozog‘istonlik muzeyshunoslar ishtirok etib, yodgorlikning ahamiyati, geometrik kufiy va suls xatlarida bitilgan Qur’on oyatlari, hadislar va Ahmad Yassaviy hikmatlari nafaqat san’at namunasi, balki chuqur ma’naviy mazmunga ega yozuvlar ekanini qayd etishdi.

- Yassaviy maqbarasidagi hikmatlar va epigrafik bezaklar faqat badiiy jihatdan emas, balki insonni tafakkurga chorlaydigan, uni ma’naviy kamolot sari yetaklaydigan muhim manbalar, — deydi Hazrati Sulton milliy muzey-qo‘riqxonasi direktori o‘rinbosari Ahmed Sisenbay. — Ushbu yodgorlik turkiy xalqlarning umumiy tarixiy ildizlari va madaniy mushtarakligini yaqqol namoyon etadi. Bu esa xalqlarimiz o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlikni yanada mustahkamlaydi. Shu bois bu bebaho merosni birgalikda o‘rganish, tadqiq etish va keng jamoatchilikka yetkazish ishlarini davom ettirish kerak.

Ko‘rgazma doirasida sulton saroyining ko‘rinishi, maqbara qurilishida ishlatilgan g‘ishtning asl namunasi, Sohibqiron tomonidan saroyga hadya qilingan tug‘ning nusxasi va boshqa noyob eksponatlar namoyish etilmoqda.