Dubay – Samarqand aviaqatnovi har kuni amalga oshirilishi mumkin
Birlashgan Arab Amirlikliklari FlyDubai aviakompaniyasining “Dubay-Samarqand” yo‘nalishi bo‘yicha birinchi aviaparvozni amalga oshirgan samolyoti 21 sentyabr kuni Samarqand xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi.
Shu munosabat bilan bugun Samarqand shahrida flydubai aviakompaniyasi va uning O‘zbekistondagi hamkorlari, Transport, Turizm va madaniy meros vazirliklari mas’ullari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.
– Bugun mamlakatimizda nafaqat poytaxt, balki boshqa shaharlarda ham xorijiy aviakompaniyalar bilan hamkorlikda to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni yo‘lga qo‘yish maqsadida bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri o‘rinbosari J.Choriyev. – Jumladan, yangilangan Samarqand xalqaro aeroportining imkoniyatlaridan foydalanish maqsadida xorijiy aviakompaniyalar uchun cheklovlar olib tashlanib, beshinchi darajadagi havo erkinligi joriy etildi. Bu mazkur aeroportga reyslarga ko‘paytirish orqali sayyohlikni jadal rivojlantirishga katta yordam beradi. Kuni kecha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham davlatimiz rahbari tomonidan bizning vazirligimizga va boshqa idoralarga aniq topshiriqlar berildi. Birlashgan Arab Amirliklarining FlyDubai aviakompaniyasi jahondagi salohiyatli aviatashuvchilardan biri hisoblanadi. Mazkur kompaniya aviaparkining yangiligi, xizmat ko‘rsatish sifati va darajasining yuqoriligi va yuzdan ortiq yo‘nalishlarda parvozlarni amalga oshirishi u bilan hamkorlik istiqbollarini belgilaydi. Shu bois mazkur kompaniya bugundan Dubay va Samarqand shaharlari o‘rtasida muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘ydi.
Flydubai aviakompaniyasining bosh direktori Geyt Al Geyt Dubay-Samarqand yo‘nalishi BAA va O‘zbekistonda talab yuqori bo‘lgan muhim sayyohlik yo‘nalishlaridan bo‘lishini ta’kidlab, uning istiqboliga ishonishini ta’kidladi. Shu sababli hozircha haftada ikki marta – chorshanba va shanba kunlari, oktyabr oyining yakunidan esa to‘rt marta parvozlarni amalga oshirish, kelgusida esa har kuni qatnovni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
Kompaniya rahbari O‘zbekiston shaharlari bilan aviaqatnovlar samarali bo‘lishini alohida qayd etgan holda 24 sentyabdan Dubay – Namangan yo‘nalishida ham parvozlar amalga oshirilishini ma’lum qildi.
Matbuot anjumanida O‘zbekiston Turizm va madaniy meros vaziri o‘rinbosari Nusratilla Zikrillayev, “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva, shuningdek, FlyDubai aviakompaniyasi vakillari mazkur yangi yo‘nalish yurtimizda turizmni rivojlantirish bilan birga O‘zbekistonni Yaqin sharq mamlakatlari bilan bog‘lash, shuningdek, dunyoning turli mintaqalariga tranzit parvozlarni amalga oshirishga yordam berishini ta’kidladi.
Flydubai aviakompaniyasi tomonidan ayni paytda har hafta yuzdan ortiq yo‘nalish bo‘yicha 1200 dan ortiq aviaqatnov yo‘lga qo‘yilgan. Kompaniya eng so‘nggi rusumdagi havo kemalaridan foydalanadi hamda xavfsizlik va xizmat ko‘rsatish sifati bo‘yicha yuqori natijalarga ega aviatashuvchi hisoblanadi.