Saytimiz xodimi - Dubay shahrida

Saytimiz operatori Feruz Yaxshiboyev sayohat qilish maqsadida bir hafta Dubay shahrida bo‘ldi. U ushbu ertakmonand shahardagi ayrim taassurotlarini siz, o‘quvchilar bilan bo‘lishishni lozim topdi. 

- Dubayga "Ertak-shahar", "Orzular shahri", deya ta’rif berishadi, - deydi u. - Darhaqiqat, shunday. Dubayning osmono‘par binolarini tomosha qilar ekansiz, bu yerdagi har bir imorat, qurilish ishlari kelajakdagi kamida 100 yilni o‘ylab rejalashtirilganligiga sizda hech qanday shubha qolmaydi.

828 metr uzunlikdagi Burj-Xalifa binosidan tortib boshqa noan’anaviy qurilgan binolar har bir sayyohni esdalikka rasmga tushishga majbur qiladi.

Eng qizig‘i, shunday katta shaharda deyarli tirbandlikni ko‘rmaysiz.

Aytgancha, Dubayda aksariyat binolar mehmonxona va biznes markazlarini tashkil qiladi.

Dubay shahrining markazida mashhur kino filmlar andozasida yaratilgan kichik shaharcha bor. Bu shaharcha Dubayga kelgan hech bir sayyohni e’tiborsiz qoldirmaydi. Chunki bu yerda hamma narsa eski temir-tersaklardan yaratilgan bo‘lsa-da har bir detal kishini hayratda qoldiradi. Eng qizig‘i, ushbu shaharchaga kirish mutlaqo tekin. Siz suratda ko‘rib turgan ag‘nagan yuk mashinasi esa ovqatlanish mumkin bo‘lgan kichik restoran. Tekin kirgan sayyohlar uyalganidan ham bu yerdan nimalardir xarid qiladi.

Sayyohlar e’tiborini tortadigan yana bir jihat har bitta ko‘chada bulvarlar borligidir. Bulvarlarni bezab turgan daraxtlarning tagida ko‘cha nomi, daraxt kim tomonidan va qachon ekilgani haqida ma’lumot beruvchi QR-kod bor. Uni skaner qilsangiz, barcha ma’lumotlarga ega bo‘lasiz.