Air Astana Toshkentdan Olmaotaga uchayotganda turbulentlik tufayli jabrlangan yo‘lovchilar haqida ma’lum qildi
Qozog‘istonning Air Astana aviakompaniyasining Toshkentdan Olmaotaga uchayotgan samolyoti dushanba kuni kuchli turbulentlik zonasiga tushgani ma’lum bo‘ldi.
Samolyotda bortida 134 yo‘lovchi va to‘qqiz nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Yetti nafar yo‘lovchi zarba va kuyishdan tan jarohatlari olgan, deyiladi aviatashuvchi matbuot xizmati press-relizida.
O‘zbekistonlik ikki nafar ayol Olmaota shahridagi 4-shifoxonaga joylashtirilgan. Ko‘rik natijasida ayollarda chap bilak va qo‘l jarohati, yumshoq to‘qimalar ezilishi va bo‘yin umurtqa pog‘onasi shikastlanishi tashxisi qo‘yilgan. Tekshiruvdan so‘ng jabrlanganlarga ambulator davolash tavsiya etilgan, deyiladi kz.Kursiv saytida.
"Layner Olmaotaga 16:45 da qo‘ndi. "Parvoz ekipaji yo‘lovchilarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatdi. Uchuvchilar voqea haqida aeroport xizmatlariga xabar berishdi. Aeroportda tez yordam mashinalari yo‘lovchilarni kutmoqda", deyiladi press-relizda.
Sanoat va infratuzilmani rivojlantirish vazirligi bayonotida "Kuyish va tan jarohati olgan to‘rt nafar yo‘lovchi kasalxonaga yotqizishdan bosh tortgani, ularga dastlabki tibbiy yordam ko‘rsatilgani, O‘zbekiston fuqarosi umurtqa pog‘onasining yopiq sinishi shubhasi bilan tez tibbiy yordam brigadasi tomonidan shifoxonaga yotqizilgani ma’lum qilingan.
Aviakompaniya sodir bo‘lgan voqeadan afsus bildirib, reys yo‘lovchilariga har tomonlama yordam ko‘rsatilishi, voqea vakolatli organlar tomonidan tekshirilishini ta’kidladi.
Qozog‘iston aviakompaniyalaridan birining uchuvchisi kz.Kursiv nashriga ma’lum qilishicha, Osiyo mintaqasi osmonida turbulentlik g‘ayrioddiy hol emas. Shuning uchun, turbulentlik zonasiga yaqinlashganda, ekipaj doimo yo‘lovchilardan xavfsizlik kamarlarini bog‘lashlari va o‘z joylarida qolishlarini so‘raydi. Ko‘pincha qoidalarga e’tibor bermagan va xavfsizlik kamarini taqmagan, yig‘ma stolni yopmagan yoki salonda harakatlanadigan yo‘lovchilar jarohat olishi tabiiy.
Ba’zan samolyot kutilmaganda "musaffo osmonda" deyiluvchi turbulentlik hududiga kiradi va ekipaj "xavfsizlik kamarlarini mahkamlang" displeyini yoqishga ulgurmaydi. Aytish joizki, turbulentlik tufayli birorta ham samolyot vayron bo‘lmagan deya ta’kidlaydi kz.Kursiv.