Sun’iy intellekt tufayli ish haftasi 3 kunga qisqaradimi?
Yaqin besh yil ichida an’anaviy besh kunlik ish haftasi uch kungacha qisqarishi mumkin. Chunki sun’iy intellekt kundalik ishlarni zimmasiga olishi tufayli odamlar shaxsiy hayotiga ko‘proq vaqt ajratishi mumkin bo‘ladi.
- Besh kunlik ish haftasini yoqtirmayman, - deydi «Zoom» kommunikatsiya platformasi bosh direktori Erik Yuan. - Yaqin yillarda an’anaviy ishlash rejimiga ehtiyoj qolmaydi. Bunga «raqamli agentlar»ning ommaviy qo‘llanilishi sabab bo‘ladi. SI algoritmlari mustaqil ravishda hisobotlar tayyorlaydi, ishbilarmonlik yozishmalarini olib boradi va hatto virtual uchrashuvlarda “raqamli avatarlar” orqali ishtirok eta oladi. Xodimlarga esa faqat strategik vazifalar va muhim qarorlar qabul qilish qoladi.
Ish haftasini qisqartirish g‘oyasini moliya va texnologiya sohasining yirik ishtirokchilari ham qo‘llab-quvvatlamoqda. Jumladan, «JPMorgan Chase» banki bosh direktori J.Daymon ham tezkor avtomatizatsiya tufayli kelajakda 3,5 kunlik ish haftasiga o‘tishini ta’kidladi. Uning fikricha, bu hayot sifatini yaxshilab, xodimlarning asabiy holatini kamaytiradi.
Bankchilar bilan birga «OpenAI» rahbari Sem Altman ham shu fikrni qo‘llab-quvvatladi. Neyrotarmoq ishlab chiquvchilari yanada ilgarilab, yaqinda e’lon qilingan dasturiy hujjatda biznes va hukumatlarni hozirdanoq 32 soatlik (to‘rt kunlik) ish haftasiga o‘tish bo‘yicha pilot loyihalarni boshlashga chaqirdi. Bu yondashuv mehnat bozorini «Intellekt davri»ga moslashtirish va umumiy samaradorlikni saqlab qolish vositasi sifatida ko‘rilmoqda.